date
views 4 960

Talabalarga 15 fevralgacha stipendiya bo‘yicha tafovut to‘lab beriladi

Talabalarga 15 fevralgacha stipendiya bo‘yicha tafovut to‘lab beriladi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 31 yanvardagi 59-son qarori sharhiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Moliya vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Nodir Musliddinov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, oliy ta’lim muassasasi rektorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Stipendiyalar bo‘yicha tafovut qachon to‘lab beriladi?
Tadbir avvalida dastlab, talabalarga stipendiya tayinlashning yangi tartibi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qaror mohiyati borasida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, vazir o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov talabalar stipendiyalar bo‘yicha tafovutni to‘lash masalasida fikr bildirar ekan, shunday dedi:

– Talabalarga 10 fevraldan stipendiyalar bo‘yicha tafovutni to‘lash amalga oshiriladi. Bu biroz vaqt talab qiluvchi jarayon. Shu nuqtai nazardan, uzog‘i bilan 15 fevralga qadar barcha talabalar bilan hisob-kitoblar to‘liq amalga oshiriladi. Shu bilan parallel ravishda 20 fevralga qadar fevral oyi uchun stipendiyalar ham to‘lab boriladi. Agarda qaysidir OTMda yanvar oyida sessiyalar yakunlangan bo‘lsa, mazkur oydan boshlab, ularga yangi tartibdagi stipendiyalar to‘lanadi.

Nega faqat grant asosida o‘qiydigan talabalar?
Shuningdek, nima uchun aynan grant asosida ta’lim olayotgan talabalar bilan qayta hisob-kitob qilinishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 17 iyunda qabul qilingan 4359-sonli qarorida talabalarga stipendiyali va stipendiyasiz ta’lim olish imkoni yaratildi. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan to‘lov-kontrakt qiymatini belgilash vakolati Moliya vazirligiga berildi.

Belgilangan kontrakt qiymati, davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ushbu me’yoriy hujjatga asoslanadi. Belgilangan kontrakt qiymatida to‘lanadigan stipendiya miqdori 6 oy uchun har oyda 400 ming so‘mdan 2 million 400 ming so‘m etib bazaga kiritilgan. Shunda talaba 6 oy davomida o‘zi uchun belgilangan 400 ming so‘mni qaytarib oladi va unga qo‘shimcha pul berilmaydi. Grant asosida o‘qiyotgan talabalarga kompensatsiya to‘lanishining asosiy sababi, ularning ta’lim olishlari uchun xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi.

Shuningdek, tadbir davomida yangi tizim bo‘yicha talabalarni rag‘batlantirish, ularning universitet boshqaruvidagi ishtirokini oshirish, talabalar orasida o‘zini o‘zi boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish masalalarida ham taklif va mulohazalar bildirildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Talabalarga 15 fevralgacha stipendiya bo‘yicha tafovut to‘lab beriladi