06:49 / 14.02.2020
2 608

Komil Allamjonov: Jurnalist va blogerlar gapirgan gapi uchun qamalmasligi kerak

Komil Allamjonov: Jurnalist va blogerlar gapirgan gapi uchun qamalmasligi kerak
O‘zbekistonda jurnalist va blogerlar gapirgan gapi uchun qamalmasligi kerak. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov vloger Lazizbek Hamidovning «Ular» loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Intervyu davomida Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) sobiq rahbari AOKA blogerlar Abdufatto Nuritdinov va Nafosat Olloshukurovani himoya qila olmagani haqida OAVda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

«Jurnalist yoki bloger biror ma’lumot olishda yoki o‘z faoliyati davomida tazyiqqa yoki adolatsizlikka uchrasa, ularni himoya qilamiz, deganmiz va bu amalga oshgan. Lekin adolatni ta’minlovchi organ bu — sud», — dedi u.

«Abdufatto Nuritdinov va Nafosat Olloshukurova bilan bog‘liq vaziyatlarda sud jazo to‘g‘risidagi qarorni chiqarib bo‘lganidan keyin ko‘pchilikda AOKA himoya qilolmadi-ku, degan xulosa chiqarishiga undadi. Vaholanki, sudning faoliyatiga aralashishga hech kimning haqi yo‘q, hatto AOKAning ham. Sud — oliy organ, oxirgi instansiya. Sud qaroriga kimdadir norozilik uyg‘onsa, uni keyingi bosqichlari bor: apellyatsiyaga berilishi, kassatsiya tartibida qaytadan ko‘rib chiqilishi va hokazo. Bu yerda bizning faoliyatimiz, himoyamiz ojiz bo‘ladi, chunki sudning qarorini biz muhokama qilolmaymiz», — dedi Allamjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AOKA ushbu vaziyatlarda Prezident va hukumat oldiga tuhmat va yolg‘on axborot uchun belgilangan jinoiy javobgarlikni yengillashtirish masalasini ko‘tarib chiqqan.

«Biz bu narsa juda muhimligini tushuntirdik, jurnalist va blogerlar so‘z uchun, matbuotda aytgan gapi uchun qamalishi kerak emas, degan g‘oyani ko‘tarib chiqdik. Prezident tomonidan bu ma’qullanib, farmonlarida, ma’ruzalarida bu yangrab o‘tdi, qat’iy pozitsiya belgilandi. Demoqchimanki, AOKA hech narsa qilmadi, himoya qilmadi emas. AOKA tuhmat, yolg‘on axborot yoki haqorat bilan bog‘liq, qamoq jazosiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar ertaga butun sohaga jiddiy zarar keltirishi mumkinligini ko‘rib, tushunib, harakat qildi», — dedi Allamjonov.

«Shaxsiy pozitsiyam, aniq, qat’iy fikrim shuki, jurnalist yoki bloger matbuotda gapirgan gapi uchun qamalishi kerak emas. Xato qilsa, qonunga zid biror bir holatga yo‘l qo‘ysa, shunga yarasha jazosini olishi kerak — jazo bo‘lmasligi ham noto‘g‘ri. Lekin aytilgan gap uchun, aytilgan so‘z uchun qamalish kerak emas. Mana shu pozitsiya juda ham muhim... Biz shu darajaga kelishimiz kerakki, jurnalist qamalmasligi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Komil Allamjonov: Jurnalist va blogerlar gapirgan gapi uchun qamalmasligi kerak