09:16 / 26.02.2020
8 727

Beshtasidan uchtasi jinoyatchi. O‘zbekistonning sobiq bosh prokurorlari haqida

Beshtasidan uchtasi jinoyatchi. O‘zbekistonning sobiq bosh prokurorlari haqida
O‘zbekiston Harbiy sudida 25 fevral, seshanba kuni, sobiq bosh prokurorlar Otabek Murodov hamda Ixtiyor Abdullayevning jinoyat ishlari bo‘yicha hukm e’lon qilindi. Ulardan avvalgi bosh prokuror — Rashid Qodirov ham bir qator jinoyatlarni sodir etishda ayblangandi.

O‘zbekiston hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi bosh prokurorlarning jinoyatchi bo‘lishi — mantiqsizlik. Lekin mamlakatning mustaqillik yillaridagi boshqa bosh prokurorlari ular kabi jinoyatlarda ayblanmagan — ular orasida vafotiga qadar yuqori lavozimlarni egallab turganlari ham, hozirgi kunda faoliyatini tinchgina olib borayotganlari ham bor.

Birinchi bosh prokuror — Bo‘ritosh Mustafoyev

1949 yil o‘sha vaqtlarda Samarqand viloyatiga qarashli bo‘lgan Xatirchi tumani (hozirda Navoiy viloyati tarkibidagi tuman)da tug‘ilgan Bo‘ritosh Mustafoyev O‘zbekistonning birinchi bosh prokurori hisoblanadi. Bo‘ritosh Mustafoyev bu lavozimga O‘zbekiston mustaqilligidan oldin, ya’ni 1990 yilda tayinlangan. U 1998 yilga qadar bosh prokuror bo‘lib ishlagan.

Bosh prokuraturadan ketganidan so‘ng Prezident maslahatchisi o‘rinbosari, adliya vaziri o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy sud raisi, Markaziy saylov komissiyasi raisi, adliya vaziri, Oliy sud raisi lavozimida ishlagan. 2014 yildan umrining oxirigacha Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. Bo‘ritosh Mustafoyev 2017 yil 12 aprelda 68 yoshida vafot etgan.

Ikkinchi bosh prokuror — Usmon Xudoyqulov
Usmon Xudoyqulov haqida ochiq manbalarda juda kam ma’lumot bor. Uning qachon tug‘ilgani va suratini topishning imkoni bo‘lmadi.

Qashqadaryoda tug‘ilgan Usmon Xudoyqulov 1998 yil dekabrida bosh prokuror etib tayinlangan. Bungacha esa bosh prokuror o‘rinbosari va Prezident davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan. Usmon Xudoyqulov O‘zbekiston bosh prokurorlari orasida bu lavozimda eng kam muddat ishlagan prokuror hisoblanadi — 1 yil 1 oy 26 kun. Aynan u bosh prokuror bo‘lib ishlagan paytda Toshkentda 16 fevral voqealari bo‘lgan. Usmon Xudoyqulovning Bosh prokuraturadan ketganidan keyingi taqdiri noma’lum. Ammo 2017 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, u «O‘zbekiston temir yo‘llari» yuridik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan bo‘lgan.

Uchinchi bosh prokuror — Rashid Qodirov

1952 yilda Andijonda tug‘ilgan Rashid Qodirov O‘zbekistonning uchinchi bosh prokurori hisoblanadi. Rashid Qodirov bu lavozimda ishlash bo‘yicha rekordchi hisoblanadi — 15 yil 2 oy.

Andijon viloyati prokuraturasida faoliyatini boshlagan Rashid Qodirov 80 yillarda Davlat xavfsizligi qo‘mitasida ishlagan. 1991—1994 yillarda MXX raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Keyinchalik «MXXda 25 yil fidokorona xizmati uchun» medali bilan ham taqdirlangan. 1994 yildan 2000 yilgacha bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Qodirov O‘zbekistonda ro‘y bergan bir necha teraktlarni tergov qilishga mas’ul bo‘lgan.

2015—2017 yillarda Konstitutsiyaviy sud a’zosi bo‘lgan. 2018 yil 23 fevralda Rashid Qodirov tovlamachilik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olishda ayblanib hibsga olindi. 2019 yil iyunida Rashid Qodirovga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

To‘rtinchi bosh prokuror — Ixtiyor Abdullayev

1966 yil Farg‘onada tug‘ilgan Ixtiyor Abdullayev 1990—1997 yillarda Farg‘ona viloyatida adliya va sudlov organlarida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2000—2001 yillarda Andijon viloyati sudiga raislik qilgan, 2002—2006 yillarda adliya vaziri birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.

U 1997—2000 yillarda Prezident davlat maslahatchisi xizmatida referent, 2001—2002 yillarda Prezident davlat maslahatchisi o‘rinbosari, 2006—2010 yillarda Prezident davlat maslahatchisi bo‘lgan. 2010 yildan 2015 yilga qadar senator bo‘lgan Ixtiyor Abdullayev 2015 yil aprelida Bosh prokuratura rahbari etib tayinlangan. 2018 yil yanvarida esa u Milliy xavfsizlik xizmatining 23 yillik rahbari — Rustam Inoyatov o‘rniga xizmat negizida tashkil etilgan yangi tuzilma — Davlat xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlangan edi.

2019 yil fevralida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab DXX rahbarligidan ketgani e’lon qilindi. Oradan bir necha oy o‘tganidan so‘ng Ixtiyor Abdullayevga nisbatan jinoyat ishi ochilgani ma’lum bo‘ldi. 2019 yil 27 sentabrda O‘zbekiston Harbiy sudi Ixtiyor Abdullayevni jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, jinoyatlar majmui tariqasida unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan edi.

2020 yil 25 fevralda Harbiy sud Ixtiyor Abdullayevni pora olish va boshqa jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topib, 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Beshinchi bosh prokuror — Otabek Murodov

1975 yil Qashqadaryoda tug‘ilgan Otabek Murodov 1998—2005 yillarda prokuratura tizimida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2005—2011 yillarda Prezident devonida ishlagan. 2011—2014 yillarda adliya vaziri o‘rinbosari, 2015—2018 yillarda Prezident maslahatchisi bo‘lib ishlagan.

2018 yil 31 yanvarda bosh prokuror etib tayinlangan. U yangi lavozimda ish boshlaganidan bir muddat o‘tib, sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov qo‘lga olingandi.

Otabek Murodov ham boshqa bir qashqadaryolik Usmon Xudoyqulov kabi bosh prokuror lavozimida bir yildan ortiq ishlay olmadi. 2019 yil 20 iyunda ishdan olinib, uning o‘rniga Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev bosh prokuror etib tayinlandi. Bir kun o‘tib Prezident Shavkat Mirziyoyev Otabek Murodovga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Keyinroq Bosh prokuratura matbuot xizmati Otabek Murodov o‘zidan avvalgi bosh prokuror, DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ishi doirasida tergov qilinayotganini ma’lum qildi. 2019 yil sentabrida esa Otabek Murodovning qamoqqa olingani ma’lum bo‘lgan edi.

2020 yil 25 fevral kuni Otabek Murodov Harbiy sud tomonidan bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Sudlanuvchining sodir etgan jinoyatlari uchun chin ko‘ngildan pushaymon ekanligi va jinoiy qilmishlarni fosh qilishda faol yordam berganligi hamda jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar to‘la qoplanganligi e’tiborga olinib, Otabek Murodovga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

sobiq bosh prokuror jinoyatchi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)