09:34 / 14.04.2020
3 142

IIV: Termizda shifokorlikni da’vo qilgan shaxs kirakashlik qilgan

IIV: Termizda shifokorlikni da’vo qilgan shaxs kirakashlik qilgan
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Maxsus komissiya) 2020 yil 8 apreldagi 17-son bayon talablariga ko‘ra avtotransport vositalarida harakatlanayotgan tibbiyot xodimlari yonida Davlat sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarda faoliyat yuritayotganligi to‘g‘risidagi mehnat daftarchasidan nusxa va ish joyidan tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi shart.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, Maxsus komissiyaning qarorlari talablarini bajarmaslik karantin talablarini buzgan deb hisoblanadi va tegishli ma’muriy choralar ko‘riladi.

Karantin talablari buzganlik uchun ma’muriy bayonnomalar Ichki ishlar organlari xodimlari (keyingi o‘rinlarda – IIO) tomonidan emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – SEN) xodimlari tomonidan tuziladi.

Bugungi kunda tashkil etilgan postlarda IIO va SEN xodimlari hamkorlikda xizmat olib borishmoqda.

Maxsus komissiyaning 2020 yil 4 apreldagi 16-son bayonida karantin talablarni buzib harakatlanayotgan avtotransport vositalarining huquqbuzarlikni davom ettirishining oldini olish maqsadida ushbu avtotransport vositalarini jarima maydoniga joylashtirish belgilab qo‘yilgan.

IIO xodimlari SEN xodimlari bilan hamkorlikda bugungi kunga qadar karantin qoidalarini buzib harakatlangan 7077 ta avtotransport vositasi aniqlanib, tegishli ma’muriy choralar ko‘rildi.

Shuningdek, ayrim shaxslar o‘zlarining avtotransport vositalarida to‘siqsiz harakatlanishlari maqsadida o‘zlarini tibbiyot xodimlari deb tanishtirib, karatin talablarini qo‘pol ravishda buzish, buning ustiga IIO va SEN xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysinmaslik va qat’iy qarshilik ko‘rsatish holatlari ko‘plab uchramoqda.

Masalan, 2020 yil 11 aprel kuni Samarqand viloyati Samarqand shahrida tashkil etilgan postda xizmat olib borayotgan IIO xodimlari tomonidan to‘xtatilgan «Kobalt» rusumli transport vositasi haydovchisi X.Q. o‘zini tibbiyot xodimi deb tanishtirgan va dori-darmon «dostavka» qilish bilan shug‘ullanishini aytgan. Haydovchi X.Q.dan tibbiyot xodimi ekanligini tasdiqlovchi hujjat so‘ralganda biror bir tasdiqlovchi hujjat taqdim eta olmagan. Bu harakatlari bilan X.Q. karantin talablarini qo‘pol ravishda buzgan.

Holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan SEN xodimiga (ayol kishi bo‘lgan) haydovchi X.Q. qat’iy qarshilik ko‘rsatib, xodimning qo‘lidan ma’muriy bayonnomalar tortib olib, janjal ko‘targan. Buning ustiga IIO xodimining xizmat kiyimini yirtgan.

Ushbu holat bo‘yicha Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani sudi tomonidan haydovchi X.Q.ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

2020 yil 5 aprel kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahrida xizmat olib borayotgan IIO xodimlari tomonidan to‘xtatilgan «Neksiya-3» rusumli transport vositasi haydovchisi I.A. o‘zini tibbiyot xodimi deb tanishtirgan. Haydovchi I.A.dan tibbiyot xodimi ekanligini tasdiqlovchi hujjat so‘ralganda, biror bir tasdiqlovchi hujjat taqdim eta olmagan. Buning ustiga haydovchi I.A. karantin talablarini qo‘pol ravishda buzib, ma’lum miqdordagi pul evaziga 3 nafar fuqaroni noqonuniy ravishda tashiyotganligi aniqlangan.

Haydovchiga karatin talablari tushuntirilayotganda IIO va SEN xodimlariga noo‘rin gaplar bilan javob qaytargan. Holat bo‘yicha tegishli ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, avtomobil jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

Maxsus komissiya qarorlari talablarini to‘liq bajarish, sanab o‘tilgan kabi holatlarning oldini olish maqsadida har bir avtotransport vositalari IIO xodimlari tomonidan sinchkovlik bilan tekshirilmoqda.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, Maxsus komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini to‘laqonli bajarish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berib o‘tdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIV: Termizda shifokorlikni da’vo qilgan shaxs kirakashlik qilgan