date
views 2 716

“Karantin paytida bir kam 70 yoshli buvim kitobxonlikda bizga o‘rnak bo‘lyapti”

“Karantin paytida bir kam 70 yoshli buvim kitobxonlikda bizga o‘rnak bo‘lyapti”
Sog‘lik – yarim boylik, deydi dono xalqimiz. Shu bois har bir inson o‘z salomatligi borasida hamisha jiddiy e’tibor qaratishi kerak. O‘zining salomatligi boshqalarning xavfsizligiga ham ta’sir etishi mumkin. Bugungi kunda butun dunyoni qamrab olgan tojdor virus kishi yuragiga “vahima virusi”nida yuqtirayotgani sir emas. Biroq buyuk tabib Ibn Sinoning fikriga ko‘ra, “Vahimaning o‘zi bir kasallikdir, xotirjamlik yarim sog‘liq, sabr esa shifoning boshlanishidir”. Demak, inson qalb sokinligidan, sabrdan qancha uzoq bo‘lsa, turli kasalliklarga shunchalik yaqin yuradi.

Bugun biz ham uyda qolib, karantin qoidalariga rioya etgan holda oilamiz va atrofimizdagilarning xavfsizligi uchun kurashmoqdamiz. Shunday onda meni ham quvontirib, ham hayratga solayotgan bir holat borki, bu ham bo‘lsa bir kam 70 yoshni qarshilaydigan buvimning tinimsiz kitob o‘qishlari. Ruhiyat tananing ham tabibi, ham raqibi hisoblanadi. Uni ko‘proq mutolaa bilan chiniqtirish kerak, deydi ular.

Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyasiga ko‘ra, bobo-buvilarimiz, umuman olganda 60 yoshdan yuqori bo‘lgan insonlarning uydan chiqishi juda xavfli deya belgilangan vaziyatda buvimning kitobxonlik qilishlari hammamizga o‘rnak bo‘ldi. Tashqi muhitdan qancha cheklov bo‘lmasin, qancha undovlar bo‘lmasin, uyimizda biz yoshlarga o‘rnak bo‘luvchi kishilardan saboq ola olmasak, boshqasi befoyda. Zero, qush uyasida ko‘rganini qiladi, deyilgan naql ham bejizga aytilmagan.

Bugun ko‘pchilik kitobga qaytyapti. Karantindan so‘ng boshqacha dunyo bo‘lishiga astoydil ishonaman. Men 2 kunda bir badiiy asarni qiziqish bilan o‘qib tugatayotgan buvimdan o‘rnak oldim va qo‘limga kitob oldim. Siz-chi?

Sitora Yo‘lchiyeva,
O‘zJOKU talabasi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Karantin paytida bir kam 70 yoshli buvim kitobxonlikda bizga o‘rnak bo‘lyapti”