date
views 3 228

Oliy sud plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda qaysi masala muhokama etildi?

Oliy sud plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda qaysi masala muhokama etildi?
Foto: Alixan Utarbekov​/«Xalq so‘zi»​
2020 yil 28 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar raislari va sudyalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan yig‘ilishda Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishiga qarshi choralar joriy etilishi sharoitida qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokama qilindi.

Foto: Alixan Utarbekov​/«Xalq so‘zi»​
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi hududida 2020 yil 16 martdan boshlab koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olishga qaratilgan, davlat organlari va boshqa muassasalarning ishlash tartibiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilishi, tadbirkorlik sub’ektlarining tadbirkorlik faoliyati, fuqarolarning erkin harakatlanish huquqlarining cheklanishi, shu jumladan, sud orqali himoyalanish huquqini amalga oshirishga ta’sir ko‘rsatgan maxsus choralar (karantin) joriy etildi.

Shunday bo‘lsa-da, yurtimizda sudlar faoliyati to‘xtab qolgani yo‘q, aksincha, yuzaga kelgan murakkab vaziyat inobatga olinib, sudlarda kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi ishlar ko‘rib kelinmoqda, boshqa ishlarni ko‘rish esa, ma’lum muddatga qoldirildi.

Foto: Alixan Utarbekov​/«Xalq so‘zi»​
Karantin joriy etilishi tufayli fuqarolarning sud muhokamalarida ishtirok etishiga, sud orqali himoyalanish huquqini amalga oshirilishiga ta’sir ko‘rsatdi, sudlarga hujjatlarning elektron shaklda yuborilishi ko‘paydi, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari borasida sudlarda ish tartibi o‘zgardi. Fuqarolarni shaxsiy va sayyor qabullarini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lindi.

Albatta, bu cheklovlar vaqtinchadir. Buni barcha tushunib turibdi. Hozirgi o‘ta xavfli virus xuruj qilib turganda odamlarning sog‘lig‘ini asrab-avaylash o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Tabiiyki, karantin tartibi tugagach, sudlarga murojaatlar soni keskin oshib ketishi mumkin. Bu esa, sudlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda ham, bunga sudlar hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rishini taqozo etadi.

Aynan shunday holatlar e’tiborga olinib, yig‘ilishda muhokama qilinayotgan Plenum qarori loyihasi tezkorlik bilan ishlab chiqildi.
Ushbu Plenum qarori loyihasini ishlab chiqish jarayonida bu borada xorijiy davlatlar amaliyoti bilan ham qiziqib ko‘rildi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu masala bironta xorijiy davlat, shu jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Oliy sudlari Plenumida muhokama qilinmagan va tegishli qaror qabul qilinmagan.

Bundan ko‘rinadiki, O‘zbekiston birinchi bo‘lib, bu masalani Oliy sud Plenum yig‘ilishida muhokama qilib, tegishli qaror qabul qilmoqda.
Mazkur Plenum qarori loyihasining mazmun-mohiyatini qisqacha aytadigan bo‘lsak, aynan epidemiologik vaziyatlarda sudlar qanday faoliyat yuritishi qaror loyihasida o‘zining aniq ifodasini topgan.

O‘rni kelganda yana shuni takror aytish kerakki, fuqarolar va yuridik shaxslarning bironta murojaati sudlarda ko‘rmasdan qolib ketmaydi. Bu masalada hech kimda hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas, odamlar xotirjam bo‘lishi kerak. Barcha murojaatlar qonun doirasida ko‘rib chiqiladi va hal etiladi.

Ta’kidlash joizki, bugungi Plenum majlisining kun tartibiga kiritilgan qaror loyihasi juda dolzarb hamda ahamiyatlidir.

Ushbu qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishiga qarshi choralar joriy etilishi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, shuningdek moddiy va protsessual qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida tayyorlandi.

Plenum qarori bilan karantin amal qilishi davrida da’vo muddati O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 156-moddasi (da’vo muddati o‘tishining to‘xtatilishi) birinchi qismining 1 va 2-bandlariga asosan to‘xtatilishi tushuntirilmoqda.

Foto: Alixan Utarbekov​/«Xalq so‘zi»​
Bunda shunga e’tibor qaratish lozimki, agar karantin da’vo muddatining oxirgi olti oyida joriy etilgan yoki amal qilishni davom etib turgan bo‘lsa, da’vo muddatining o‘tishi to‘xtatiladi.

Da’vo muddatining to‘xtatib turilishiga asos bo‘lgan karantin barham topgan kundan boshlab da’vo muddatining o‘tishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, da’vo muddati olti oydan kam bo‘lsa, da’vo muddatiga qadar uzaytiriladi.

Fuqarolik kodeksi 333-moddasi (majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik asoslari) ning uchinchi qismiga asosan basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs majburiyatni lozim darajada bajarishga yengib bo‘lmaydigan kuch, ya’ni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli imkon bo‘lmaganligini isbotlay olmasa, javobgar bo‘ladi.

Shu munosabat bilan sudlar majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda (neustoyka undirish, zararlarni qoplash, shartnomani bekor qilish va boshqalar), majburiyatlarni bajarmaslik sabablarini aniqlashi, agar majburiyatni bajarish yoki lozim darajada bajarish karantin shartlari joriy etilishi tufayli mumkin bo‘lmaganligi aniqlanganda, talabni qanoatlantirishni rad etishi lozim.

Qonunga muvofiq jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha, ma’muriy va iqtisodiy sudlar ish yurituvida ishtirok etuvchi shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan yoki sud tomonidan tayinlangan protsessual muddatlar o‘tishi bilan u yoki bu protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini yo‘qotadi.

Shu bilan birga karantin shartlari davrida protsessual harakatlarni amalga oshirish imkoni bo‘lmagan holda, sudlar har qanday protsessual muddatlarni uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazilgan muddat sifatida qonunda belgilangan tartibda tiklash masalasini hal etishi zarur.

Sudlarning alohida e’tibori karantin shartlarining joriy etilishi, ushlab turish, qamoqda saqlash, uy qamog‘ida bo‘lishning qonunda belgilangan muddatlarini, shuningdek, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni qo‘llash muddatlarining o‘tishini to‘xtatmaslikka qaratilmoqda.

Shu munosabat bilan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar protsessual majburlov choralarini qo‘llash, o‘zgartirish yoki bekor qilish, kasalligi yoxud nogironligi tufayli jazodan ozod qilish, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi ishlar va materiallarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish choralarini ko‘rishi lozim.

Jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatish asoslari tegishli protsessual qonunda nazarda tutilganligi va tugal hisoblanishi bois, sudlar karantin shartlari joriy etilishi munosabati bilan mazkur ishlar bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatishga haqli emas va ularni karantin shartlarida belgilangan ehtiyot choralariga rioya qilgan holda o‘z vaqtida ko‘rish choralarini ko‘rishi, bunday choralar va protsess ishtirokchilarining ishtirokini amalda ta’minlashning imkoniyati bo‘lmaganda, ishni ko‘rishni ma’lum muddatga qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqarishi lozim.

Bunda, karantin shartlari munosabati bilan qoldirilgan ishlarni ko‘rish muddatlarini buzish holatlari sudyalarning aybi bilan yo‘l qo‘yilgan deb baholanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 117-moddasi (sudning ish yuritishni to‘xtatib turish huquqi) ning 2-bandida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda, ya’ni tarafning davolash muassasasida bo‘lishi, shuningdek, ularning birortasida tibbiy muassasa ma’lumotnomasi bilan tasdiqlangan sudga kelishga monelik qiladigan kasallik mavjud bo‘lganda, ish bo‘yicha ish yuritish sud tomonidan to‘xtatilishi mumkin.

Sudlarning qamoqdan va uy qamog‘idan ozod qilish to‘g‘risidagi hukmlari, ajrimlari, qarorlari darhol ijro qilinishi lozim.

Karantin shartlari joriy etilgunga qadar qonuniy kuchga kirgan, biroq ijroga qaratilmagan sud qarorlari, shuningdek, karantin davrida chiqarilgan va karantin shartlari joriy etilishi munosabati bilan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan sud qarorlari karantin amal qilishi bekor qilingandan so‘ng ijroga qaratiladi.

Iqtisodiy sudlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining qoidalarini inobatga olgan holda:

karantin amal qilish davrda chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport (import) qiluvchilarga moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘g‘risidagi arizalar, shuningdek soliq organlarining soliq qarzdorlikni undirish (shu jumladan soliq qarzdorligini undirishni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish) to‘g‘risidagi da’vo arizalari kelib tushganda bunday da’vo arizalarni (arizalarni) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 154-moddasi (da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilishni rad etish) birinchi qismining 1-bandiga mos holda qabul qilish rad etilishi, agar da’vo arizalari (arizalar) ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish bo‘yicha ish yuritish Iqtisodiy protsessual kodeksi 110-moddasi (ish yuritishni tugatish asoslari) ning 1-bandiga mos holda tugatilishi lozimligi;

Farmon qabul qilingunga qadar qo‘zg‘atilgan chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport (import) qiluvchilarga moliyaviy jarimalar qo‘llash, shuningdek soliq qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish 2020 yil 1 oktabrga qadar to‘xtatilishi tushuntirilmoqda.

Shuningdek iqtisodiy sudlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining qoidalarini inobatga olgan holda:

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va bojxona organlari o‘rtasidagi bojxona imtiyozlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha nizolarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan tovar Farmonning 1-ilovasida ko‘rsatilgan tovarlarga kirishi yoki kirmasligi, qurilish materiallari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot va karantin muassasalari qurilishi uchun, tovarlar esa ular faoliyat ko‘rsatishi uchun olib kirilganligini aniqlashi va uni natijasi bo‘yicha nizo yuzasidan tegishli qaror qabul qilishi lozim;

soliq organlarining soliq qarzdorligini majburiy undirish to‘g‘risidagi da’vo arizalarini ko‘rib chiqishda javobgar (soliq to‘lovchi) Farmon 4-bandining “a” kichik bandida ko‘rsatilgan sub’ektlarga kirishi yoki kirmasligini aniqlashi lozim, agar kirganda — soliq turi va soliq hisoblangan davr, soliq organi tomonidan qo‘llanilgan soliq stavkasini aniqlashi va uni natijasi bo‘yicha nizo yuzasidan tegishli qaror qabul qilishi lozim;

soliq organlarining soliq qarzdorligini majburiy undirish haqidagi da’vo arizalarini ko‘rishda soliq organlari mazkur ob’ekt 2020 yil 1 aprelgacha yoki undan so‘ng aniqlangan bo‘lishidan qat’iy nazar 2020 yil 1 apreldan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda foydalanilmayotgan ob’ektlarga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini qo‘llashga, 2020 yil 1 aprelga qadar oshirilgan stavkalar bo‘yicha hisoblangan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i summasiga nisbatan penya hisoblashga va majburiy undirish choralarini ko‘rishga haqli emasligini nazarda tutishlari lozim;

soliq organlarining yakka tartibdagi tadbirkorlardan soliq qarzdorligini majburiy undirish haqidagi da’vo arizalarini ko‘rib chiqishda soliq organi tomonidan hisoblangan jismoniy shaxslarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq davrni aniqlashi lozim, bunda nazarda tutish lozimki, 2020 yil 24 martdan boshlab karantin amal qilinishi bekor bo‘lgunga qadar ko‘rsatilgan soliqlar hisoblanmaydi, agar yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan o‘z faoliyatini to‘xtatilganligi haqida soliq organini xabardor qilgan bo‘lsa. Bunda sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, agar bunday xabarnoma soliq organiga yuborilmagan bo‘lsa, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qat’iy belgilangan summasi va ijtimoiy soliq hisoblanishi to‘xtatilmaydi;

qarzdor — yuridik shaxsga nisbatan bankrotlik ishi qo‘zg‘atish haqida ariza kelib tushganda mazkur arizalarni Iqtisodiy protsessual kodeksi 154-moddasi (da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilishni rad etish) birinchi qismining 1-bandiga mos holda qabul qilish rad etilishi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish bo‘yicha ish yuritish Iqtisodiy protsessual kodeksi 110-moddasi (ish yuritishni tugatish asoslari) ning 1-bandiga mos holda tugatilishi lozim. Ushbu qoida bankrotlikning soddalashtirilgan tartibida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizalarga nisbatan tatbiq etilmaydi;

davlat korxonalari — davlat mulklarini ijaraga berish markazlarining ijara to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’vo arizalarini ko‘rishda qarzdorlik yuzaga kelgan davrni aniqlashi lozim, bunda nazarda tutish lozimki, 2020 yil 24 martdan boshlab karantin amal qilinishi bekor bo‘lgunga qadar ijara to‘lovlari hisoblanmaydi, agar ijarachi – tadbirkorlik sub’ekti tomonidan karantin tadbirlari amal qilgan davrda o‘z faoliyatini to‘xtatilgan bo‘lsa.

Cudlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining qoidalarini inobatga olgan holda, agar 2020 yil 1 oktabrga qadar bo‘lgan davr mobaynida kredit qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda qarzdor tomonidan kredit bo‘yicha to‘lovlar karantinning amal qilish davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganligi sababli kechiktirilganligi va shu sababli qarzdor kechiktirish huquqiga ega ekanligi aniqlanganda, arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etishi lozim. Bunday qaror qarzdorlarning muddati o‘tib ketgan kreditlariga garov ta’minoti bo‘yicha jarima sanksiyalari va undiruv choralari ko‘rish da’volar bo‘yicha ham qabul qilinadi, agar ish ko‘rish jarayonida amalga kiritilgan karantin rejimi qarzdorning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi aniqlansa.

Ushbu Plenum qarorining qabul qilinishi sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan ishlarni ko‘rishda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga, sudlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan.

Albatta, qabul qilingan ushbu Plenum qarori nizolarni to‘g‘ri hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy sud plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda qaysi masala muhokama etildi?