date
views 2 468

Dumidan bog‘langan mushuk yoxud bid’at qanday kelib chiqadi?

Dumidan bog‘langan mushuk yoxud bid’at qanday kelib chiqadi?
Qadim zamonlarda bir rohib va uning shogirdlari dars qilayotganlarida bir mushuk kelib ularga suykalar, u yoqdan bu yoqqa o‘tib hammaning diqqatini bo‘lar edi. Oxir-oqibat rohibning sabri tugab mushukni dars paytida bir chetdagi ustunga dumidan bog‘lab qo‘yishni buyurdi.

Yillar o‘tdi. Dars boshlanishi bilan mushukni tutib, ustunga dumidan bog‘lash odati kanda qilinmas edi. Orada rohib ham vafot etdi, ammo mushuk bog‘lash odatiy tarzda davom ettirilaverdi. Necha-necha shogirdlar mushukning qay tariqa va qanday ipga ustunga bog‘lanishi haqida kitoblar yozdi.

Bu rivoyat bid’atning rivojlanishi va tarqalishiga misol bo‘la oladi. Garchi hozir din olimlari ko‘paygan, diniy kitob va adabiyotlar son-sanoqsiz bo‘lsa-da rohibning shogirdlariga o‘xshash nodonlar hali-hanuz topilib turadi.

Bid’atning o‘zi nima?
Bu amal asli dinda bo‘lmagan biror ishni ibodat maqsadida paydo qilish. Va o‘sha amalni bajarish dindan deb e’tiqod qilishdir.

Hayit kunlari savob bo‘ladi deb musibatxonalarga eshikma-eshik kirib chiqishi, qaysidir kunlarda kasalning ziyoratiga bormaslik, kechqurunda kir yuvishdan qaytarish, muhtoj odamga kechqurunda qarz bermaslik yoki sut sotmaslik, dasturxonda pichoq turganda fotiha qilmaslik kabi shunga o‘xshash son-sanoqsiz bid’at amallarni o‘ylab chiqishdan va boshqalarni shunga majburlayotganlar haliyam oramizda bor.

Ba’zan shunday bid’atlar uchrab turadiki, uni o‘ylab chiqargan kishining esi joyidaligiga shubha qilib qolasan, kishi. Ijtimoiy tarmoqlarda “kuyov salom”ga o‘xshash tarqalayotgan zamonaviy bid’atlar ham ko‘rinib qoladiki, bid’atlarning barchasi ham eskidan qolmaganiga, hozir ham yangi-yangilari “kashf etilayotganiga iqror bo‘lamiz.

Bularning barchasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytargan bid’atlar ostiga kiradi.
Alloh bu ulug‘ oyda tavba va istig‘forlarni ko‘paytirishimiz, bid’atlardan saqlanib, o‘zining dinida sobitqadam qilsin.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dumidan bog‘langan mushuk yoxud bid’at qanday kelib chiqadi?