date
views 3 404

Zoyir Mirzayev Qashqadaryoda restoran va kafelarga cheklangan mijozlar bilan ishlashga ruxsat berilishini so‘radi

Zoyir Mirzayev Qashqadaryoda restoran va kafelarga cheklangan mijozlar bilan ishlashga ruxsat berilishini so‘radi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 apreldagi videoselektorda Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari tahlili asosida karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish yuzasidan takliflar kiritish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.

Shunga asosan, Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Respublika maxsus komissiyasiga quyidagi takliflar bilan chiqqan:

- viloyatdagi ichki nazorat maskanlarini qisqartirish;
- qurilish materiallari savdosi do‘konlari, qurilish-montaj ishlari, restoran va kafelarning karantin qoidalariga amal qilgan holda cheklangan mijozlar bilan ishlashiga ruxsat berish;
- ochiq va sun’iy qoplamali o‘yingohlarda (kiyinish va yuvinish xonalaridan foydalanmagan holda) sport bilan shug‘ullanishga ruxsat berish;
- fuqarolarning motosikl, skuter va velosipedlarda karantin qoidalariga amal qilgan holda harakatlanishiga ruxsat berish.

Qayd etilishicha, Respublika maxsus komissiyasi bu takliflarni ma’qullasa, bu haqda rasmiy ravishda e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, 5 may kuni O‘zbekistondagi tuman va shaharlar epidemiologik vaziyatga qarab «yashil», «sariq» va «qizil» hududlarga ajratilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, tez orada barcha transport vositalari harakatiga ruxsat berilishi, o‘nga yaqin faoliyat turlari qayta ochilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, teatr, konsert va sport zallari, to‘yxonalar, jamoat transporti bo‘yicha cheklovlar saqlab qolinadi.

Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryoda koronavirus aniqlangan 6 bemorning barchasi sog‘ayib chiqqan (ulardan 5 nafari – bir oila a’zolari). Shuningdek, Jizzax va Navoiy viloyatlarida ham Covid-19’ga chalingan barcha bemorlar tuzalgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zoyir Mirzayev Qashqadaryoda restoran va kafelarga cheklangan mijozlar bilan ishlashga ruxsat berilishini so‘radi