
Davlat ahamiyatidagi inshootlarning loyiha ko‘rinishidan tortib, "kalit topshirish"gacha bo‘lgan barcha bosqichlarida qatnashgan korxonalar, pudratchi-yu sub pudratchilar, ularga ajratilgan budjet/investitsiya mablag‘lari haqida ochiq va oydin onlayn platforma bo‘lishi shart.
Ko‘p qavatli uymi, maktabmi u, bog‘chami, teatrmi yoki suv ombori - loyiha qiymati qancha bo‘lishidan qat’iy nazar sotsial ahamiyatga ega binolarning qurilish va ekspluatatsiya jarayonidan aholi xabardor bo‘lishi shart.
Xalq o‘zining berayotgan pullari kim tomonidan, nima uchun va qanday sarflanayotganini bilishi shart.
2 oyga qolmay, trubasi yorilib ketganida maktab direktori bolalardan pul yig‘ib yamatmasligi uchun, ne hasratda butun umriga tatigulik kreditga uy olgan yosh oila qoq darz ketgan devorga qarab, kimni "qarg‘ab", kimni sudga berishni bilishi shart.
"Gospriyomlar"- binodan foydalanishga ruxsat berish uchun davlat tomonidan o‘tkaziladigan ekspertizalar haqida hisobotlar ochiq resurslarda bo‘lishi shart.
Unga kim imzo chekkanini xalq bilishi shart.
Loyiha boshqaruvi milliy agentligi degan ajoyib bir tashkilot o‘zini ko‘proq piar qilib, nafaqat qurilish, umuman davlat ulushi bo‘lgan barcha tashkilotlarga yuklatilgan loyihalar qanday bajarilayotgani haqidagi hisobotlarni, tenderlarni jamoatchilikka ochiq ko‘rsatib borishi shart.
O‘yin qoidalari aniq, ishtirokchilar ma’lum, nazorat shaffof bo‘lsa, hozirga o‘xshab kimning o‘g‘li kim ekanini qidirib, gugl titkilab o‘tirmaymiz, hujjatlarning asl nusxasiga yetolmay, saytlardagi uzuq-yuluq faktlarni tusmol bilan bog‘lab yurmaymiz, korrupsiya bizni yeb bitirishi va mulkimiz, uyimiz, hayotimiz "suv"ga cho‘kishini kutib o‘tirmaymiz.
Darvoqe, "cho‘kish"imiz uchun suv ombori oldida yashashimiz shart emas, bugungi qurilish "ssenariy"lari istalgan joyda bizni tutib olishi mumkin.
A.Qurbonova
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar