13:27 / 08.05.2020
2 433

Navoiyda “Gai” xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi jazolandi

Navoiyda “Gai” xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi jazolandi
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan choralar ko‘rilmoqda, balkim ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan ham poraxo‘rlik illatini yo‘q qilishga qaratilgan chiqishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) va 211-moddasida (pora berish), bu qilmishlar uchun bir xil javobgarlik belgilangan bo‘lib, ushbu moddalarning tegishli qismiga qarab, jarima jazosidan tortib ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazolar qo‘llanishi nazarda tutilgan, ya’ni qisqa qilib aytganda pora olgan ham va pora bergan ham bir xil jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 4-qismida, basharti, shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etilishi ham belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Navbahor tuman sudining raisi A.Ibodovni Zamin.uz saytiga ma’lum qilishicha, D.Toirov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) 1995 yilda tug‘ilgan, oilali, 2 nafar voyaga yetmagan farzandning otasi, yuk tashuvchi avtomashinada haydovchilik kasbi bilan shug‘ullanadi, u 2020 yil 26 yanvar kuni “DAF” rusumli yuk avtomashinasini Navbahor tumani hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida boshqarib borib, Navoiy viloyat IIB YHXB inspektori tomonidan to‘xtatilib, hujjatlari tekshirilganda, haydovchilik guvohnomasi talonining muddati o‘tganligi aniqlanib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik to‘xtash joyiga olib kelinganidan keyin, bayonnoma rasmiylashtirmaslikni, o‘ziga tegishli transport vositasi va Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro T.Mansurovning (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) avtomashinasini vaqtinchalik to‘xtash joyidan chiqarib berish evaziga 200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.

D.Toirovning noqonuniy harakatlari yuzasidan YHXB inspektori bildirgisi asosida 2020 yil 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Navoiy viloyat bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, D.Toirov YHXB xodimiga taklif qilingan 200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni Navbahor tuman YPX blok posti binosida bergan vaqtda ushlangan.

D.Toirovning jinoyat ishi 2020 yil 28 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudida ko‘rib chiqilgan va u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 211-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, yoshligi, qaramog‘ida ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, muqaddam sudlanmaganligi va sodir qilgan qilmishini tushunib yetganligi e’tiborga olinib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida 11.150.000 (o‘n bir million bir yuz ellik ming) so‘m jarima jazosi qo‘llanib, 200 (yuz) AQSH dollari davlat foydasiga musodara qilingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Navoiyda “Gai” xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi jazolandi