date
views 2 967

Nafsning yo‘rig‘i - sharmandalik bekati

Nafsning yo‘rig‘i - sharmandalik bekati
Jinoyat tafsilotlari bilan bog‘liq maqolalar tayyorlanayotganida jinoyatchining oilasi, farzandlari, yaqinlari haqida o‘ylab qolasan kishi. “Ularda ne ayb?” Shu bois maqolamiz “qahramoni” ism va familyasini shartli ravishda o‘zgartiramiz. Javlonbek Cho‘ponov muqaddam bir emas, ikki emas to‘rt(!) marta sudlangan. Ammo, yiqilgan kurashga to‘ymaganidek, u jinoyatchilik ko‘chasida sang‘ishni xush ko‘radi. O‘ziga sudlangan degan tamg‘ani yopishtirib yurishdan uyalmaydiganlar toifasidan.

2016 yilda Buxoro tumani Shergiron MFY Dehmiyona qishlog‘ida paydo bo‘lgan, o‘zini gaz idorasi nazoratchisi ,deb tanishtirgan J. Cho‘ponov shu qishloqda yashovchi T.Qobilovlar xonadoniga kirib keldi. Basharasiga jiddiy tus berib o‘zini nazoratchi deb tanishtirarkan tomoq qirib qo‘yib gap qotdi.

— O‘ho‘o‘, qarzlaringiz ko‘pku,— gaz hisoblagichning ko‘rsatkichlariga qarab...
— Endi, aka o‘zingizdan qolar gap yo‘q. Ro‘zg‘ooor,deganlaridek...
— Yordam berishiiim mukin...,—hojatbarordek o‘zini ko‘rsatishga urindi soxta nazoratchi.
— Mayli aka,nima desangiz.
— 100 AQSH dollari va 1 million so‘m berasiz. O‘zim olib borib to‘lab, kompyuterga kiritib... ishni besh qilib kelaman.

Shu uchrashuvdan so‘ng ma’lum miqdordagi pulni tuman gaz idorasiga topshirgan Javlonbek Cho‘ponov T.Qobilovning 896 ming so‘m pulini o‘ziniki qilib imi-jimida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Oradan uch yil o‘tib J.Cho‘ponov yana Dehmiyonada paydo bo‘ldi. O‘sha tanish manzil. Soddadil insonlar. Bu gal ham gaz hisoblagichni ko‘rib vahimaga tushdi.

—Xo‘p desangiz o‘z xohishingiz bilan gazni tarmoqda uzishga roziman deb yozib bering. Men dalolatnoma qilaman. Buni ustiga schotchigingiz qiyolovdan ham o‘tkazilmagan ekan. Hammasini jamlab 100 VQSH dollari bersangiz bo‘ladi,— dedi ko‘zlarini olazarak qilib.
—Bo‘pti ovora bo‘lib yurmaymiz. Sizga rahmat ishimizni bitirib berganingiz uchun,— minnatdorchilik bildirdi xonadon sohibi.

Ammo, eski bo‘lsada mos naqlni ishlataylik: “buzoqning yugurgani somonxonagacha” bo‘ldi.

Huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan siri fosh bo‘lgan “nazoratchi” yigit qonun oldida javob berdi. Sud hukmiga ko‘ra ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Endi gap J.Cho‘ponovning jinoyat ko‘chasida tentirashiga yakun yasaladimi, yoki yo‘qmi? Buni vaqt ko‘rsatadi.

G‘ulom Beshimov,
MIB Buxoro tuman bo‘limi boshlig‘i
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nafsning yo‘rig‘i - sharmandalik bekati