17:50 / 22.06.2020
2 701

O‘rtasaroydagi karantin markazida o‘zini osgan fuqaroda koronavirus aniqlanmadi

O‘rtasaroydagi karantin markazida o‘zini osgan fuqaroda koronavirus aniqlanmadi
Foto: «Fergana»
Avvalroq Toshkent viloyatidagi «O‘rtasaroy» karantin markazida 42 yoshli fuqaro 20 iyun kuni o‘zini osib qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Ushbu fuqaro 15 iyun kuni charter reys bilan Moskvadan kelgan. Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan fuqaro S.S. 2020 yil 20 iyun kuni Yuqori Chirchiq tumanidagi «O‘rtasaroy» karantin markazida o‘zi yotgan xonaga o‘rnatilgan konditsionerning tashqi tomondagi parragiga choyshab bilan noma’lum sabablarga ko‘ra o‘zini osganligi oqibatida vafot etgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, S.S. 15 iyun kuni Uzbekistan Airways tomonidan tashkil qilingan charter reys orqali Moskvadan Toshkentga kelgan va koronavirusiga chalingan yoki chalinmaganligini aniqlash maqsadida «O‘rtasaroy» karantin markaziga joylashtirilgan va undan tahlil uchun namuna olingan.

O‘zini osib qo‘ygan fuqaro bilan dastlab bir xonaga joylashtirilgan A.E.ning ma’lum qilishicha, 15 iyun kuni ular charter reys bilan Moskvadan Toshkentga kelgan va shu kunning o‘zida «O‘rtasaroy» karantin markazida S.S. bilan birga to‘rt kishi bitta xonaga joylashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, S.S. o‘zini yomon tutib, kasallikka chalinganligini aytgan va ular bilan turishni xohlamagan. Shundan so‘ng, S.S. yarim soatcha xonaning hovlisida o‘tirgan, shifokorlar kelib u bilan suhbatlashgan va uni alohida xonaga joylashtirgan.

Shuningdek, «O‘rtasaroy» karantin markaziga xizmatga kelgan, Toshkent shahar Olmazor tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika shifokori Sh.M. ning holat yuzasidan bergan tushuntirishiga ko‘ra, fuqaro S.S. karantin hududiga joylashtirilgan kundan boshlab o‘zini agressiv tuta boshlagan, ovqat yeyishni xohlamagan, virusga chalinganligini aytib, u bilan birga joylashtirilgan shaxslarga kasalligini yuqtirishi mumkinligini bildirgan. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, S.S. xonadagi sheriklari bilan birga turishni xohlamagan holda boshqa konteynerga joylashtirishlarini talab qilgan. Shundan so‘ng, blokda tinchlik saqlash maqsadida S.S. boshqa xonaga o‘tkazilgan. 16 iyun S.S. psixiatr ko‘rigidan o‘tgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Yuqori Chirchiq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
«Virusologiya markazi tomonidan taqdim qilingan yo‘llanma natijasiga ko‘ra, S.S.da COVID-19 infeksiyasi aniqlanmagan», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani O‘rtasaroy hududidagi 16 gektar maydonni egallagan, 10 700 kishini qabul qilishga mo‘ljallangan karantin markazi aprel oyida foydalanishga topshirilgan edi. Bu yerga xorijdan O‘zbekistonga kirib kelgan fuqarolar 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘rtasaroydagi karantin markazida o‘zini osgan fuqaroda koronavirus aniqlanmadi