22:38 / 07.07.2020
1 701

O‘zbekistonga koronavirusga chalinganlarni tashishga mo‘ljallangan reanimobillar olib kelindi

O‘zbekistonga koronavirusga chalinganlarni tashishga mo‘ljallangan reanimobillar olib kelindi
Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonga koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni transportirovka qilish uchun maxsus reanimobillar olib kelingani haqida xabar berdi.

«Bugun yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish borasidagi ishlarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi yana bir quvonchli hodisa sifatida yurtimizga xorijda ishlab chiqarilgan 15ta maxsus zamonaviy reanimobillarning olib kelinganini aytishimiz mumkin.

Ta’kidlash joizki, uch oydan ko‘p vaqt davomida yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar davolanayotgan tibbiyot muassasalari barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlangan.

Keltirilgan yangi maxsus reanimobillar esa bemorlarni transportirovka qilish sohasidagi kamchiliklarni to‘liq bartaraf qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

E’tiborli jihati, ushbu reanimobillar defibrillyator, EKG va sun’iy nafas berish apparatlari, dori-darmonlar kabi barcha kerakli vositalar bilan jihozlangan bo‘lib, bemorni bir manzildan tibbiyot muassasasiga yetkazib borguncha uning hayotini saqlab qolish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, bemorlarni tashishda tibbiyot xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida reanimobillar biobokslar bilan ta’minlangan. Ushbu maxsus nasilkaning ustiga qilingan qoplamada darchalar bo‘lib, ular orqali tibbiyot xodimi bemorga bemalol muolajalar o‘tkazishi mumkin», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2017-2018 yillar mobaynida O‘zbekiston tarixida birinchi marta tez tibbiy yordam xizmati uchun 1500ta yangi ixtisoslashgan avtomashinalar xarid qilingandi.

Joriy yilning yanvarida esa Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam xizmati uchun xorijdan keltirilgan 150ta Ford rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar topshirilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)