14:50 / 10.08.2020
2 074

Qur’onning teriga yozilgan nusxasi noqonuniy sotilayotganda qo‘lga olindi

Qur’onning teriga yozilgan nusxasi noqonuniy sotilayotganda qo‘lga olindi
Buxoro viloyatida fuqaroga tegishli amir Muzaffarxondan qolgan muhr va kamarband, shuningdek, muqaddas Qur’on kitobining teriga yozilgan nusxasini aldov yo‘li bilan sotishga uringan sobiq IIB hamda Milliy gvardiya xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahrida yashovchi 65 yoshli fuqaro M.A. o‘ziga meros qolgan amir Muzaffarxon davriga oid muhr, kamarband va muqaddas Qur’on kitobining teriga yozilgan nusxasini sotish niyati borligini ma’lum qilgan. Bundan xabar topgan ota-o‘g‘il — IIBning nafaqadagi xodimi A.A. va uning o‘g‘li, Milliy gvardiya safdori B.B. vaziyatdan foydalanib, daromad orttirishni maqsad qiladi.

Ota-o‘g‘il til biriktirib, fuqaroga ushbu tarixiy qiymatga ega buyumlarini sotib berishini, evaziga pulning 20 foizini, ya’ni ularning har biriga 50 ming dollardan 100 ming dollar berishini so‘ragan va ko‘ndirgan.

Tez orada xaridor ham topilgan. Biroq xaridor A.J. qimmat narx — 500 ming dollarga sotilayotgan ushbu buyumlar biror-bir muzeydan o‘g‘irlanganmi yoki ular soxtami degan fikrga borgan va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.

Arizaga asosan DXX viloyat boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ota-o‘g‘il 72,1 gramm og‘irlikdagi olmosni 500 ming dollarga hisoblab, 4,5 milliard so‘m hamda 50 ming dollarga noqonuniy sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Xonadonni ko‘zdan kechirish davomida qora rangli qimmatbaho tosh, amir Muzaffarxon davriga oid muhr, bir dona kamarband va bir dona hamyon ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Tergov-surishtiruv jarayonlarida tarixiy boyliklar ota-bolaning qo‘shnisi fuqaro M.A.ga tegishli ekanligi, meros bo‘lib qolgani aniqlangan.

Holat yuzasidan departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, ashyoviy dalil tariqasida olingan buyumlarning tarixiy qiymatligini tekshirish uchun ekspertiza tayinlangan.
Ekspertiza xulosasidan kelib chiqib, ota-o‘g‘ilga Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qur’onning teriga yozilgan nusxasi noqonuniy sotilayotganda qo‘lga olindi