23:01 / 11.08.2020
4 809

Mahalliy deputatlar Andijon prokuroridan «gapiga javob berish»ni talab qilmoqda

Mahalliy deputatlar Andijon prokuroridan «gapiga javob berish»ni talab qilmoqda
Foto: «Legalaid2020.ru»
Andijonda shahar prokurori va mahalliy deputatlar o‘rtasidan «olamushuk» o‘tdi. Bunga prokurorning deputatlar haqida o‘ylamay aytgan bir og‘iz gapi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Gap shundaki, shu yilning 3 avgust kuni Andijon shahar hokimligida «Hafta davomida bajarilishi zarur bo‘lgan masalalar» bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. https://t.me/Djiyanov/242 Unda sektor, tashkilot rahbarlari hamda shahar Kengash deputatlari qatnashdi.

Mazkur yig‘ilishda Andijon shahar prokurori Q.Asqarov pandemiya paytida shahar Kengashining ayrim deputatlari shaharda tashkil etilgan postlarda, oziq-ovqat do‘konlari hamda dorixonalarni o‘rganish davomida tamagirlik qilayotgani haqida gapirvordi. Lekin aynan qaysi deputat, qachon, qanday usulda tamagirlik qilayotganligi ochiqlanmagan.

Bugun (11 avgust) xalq deputatlari Andijon shahar kengashining «Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiya»sining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, prokurorning ta’nasi deputatlarning sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz deb baholandi.

Xalq vakillari O‘zbekiston Respublikasining «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonuni 10-moddasiga tayanib, har bir deputatga o‘z vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanishi, uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati muhofaza qilinishini aytib, prokurordan aytgan gapiga javob berishini talab qilishmoqda.

Deyarli uchramaydigan bunday voqelik bo‘yicha «Xabar.uz» Bosh prokuratura bilan bog‘landi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov vaziyatdan boxabarligini aytib, mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi hamda Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi a’zolaridan iborat guruhi tuzilib, o‘rganish ishlari boshlab yuborilganini bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mahalliy deputatlar Andijon prokuroridan «gapiga javob berish»ni talab qilmoqda