20:12 / 30.08.2020
2 655

Buxoro hay’ati Mustafo Kamol Otaturkka Amir Temur qilichini taqdim etgan edi

Buxoro hay’ati Mustafo Kamol Otaturkka Amir Temur qilichini taqdim etgan edi
Turk qo‘shini 1922 yil 30 avgustda erishgan g‘alabasi bilan aslo kishanga rozi bo‘lmasligini ko‘rsatdi.
Foto: “Milliyet.com.tr”

Turkiyada 30 avgust – G‘alaba bayrami nishonlanmoqda. Bundan 98 yil avval, 1922 yilning 30 avgustida atoqli yo‘lboshchi Mustafo Kamol Otaturk va uning do‘stlari qo‘mondonligidagi armiya Dumlupinar mavzeida kechgan janglarda qahramonlarcha g‘alaba qozongan edi. Mustamlakachi kuchlar ustidan qozonilgan ushbu g‘alaba zamonaviy Turkiya hayotida ham muhim sana o‘laroq bayram qilinadi. Ushbu shonli sana munosabati bilan Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er bayonot berdi.

«Tarixi shon-sharaflarga to‘la qahramon Turkiya Qurolli kuchlari bu g‘alabalarni o‘z shijoati va ozodlikka bo‘lgan ishonchi tufayli qo‘lga kiritgan edi. Bu buyuk zafarlari bilan turk xalqi hech kimga bo‘yin egmasligini, turk davlati aslo bo‘yinturuqqa bandi bo‘lmasligini butun jahonga yana bir bor g‘olibona namoyish etdi. Xalqimiz hatto eng qiyin sharoitlarda ham ozodligi va mustaqilligini himoya qila olishini, o‘z suvereniteti uchun hech ikkilanmay jonini fido qilishga tayyor ekanini, tarixda ko‘p marta bo‘lganidek, amalda yana bir bor isbotladi», – deydi Turkiya elchisi.

Diplomatga ko‘ra, turklar tarix sahnasida ming yillar davomida duch kelgan tahdidlar hozirgi asrimizda boshqacha shakllarda namoyon bo‘lmoqda.

«Mamlakatimizning boqiyligini ko‘rolmaydigan barcha g‘alamislar to‘dasi va xoin terrorchi tashkilotlarga qarshi qat’iy kurashimizni har jabhada muvaffaqiyat bilan olib bormoqdamiz. Bundan bir asr oldin millatimizga Sevr shartnomasini majburan qabul qildirishga bo‘lgan urinishlarni milliy ozodlik urushida qanday chippakka chiqargan bo‘lsak, bugungi kunda ham xalqimizga majburan qabul qildirishga urinilayotgan milliy manfaatlarimizni kamsituvchi iddaolarga xuddi shunday javob berishga tayyormiz.

Shu sababli davlatimiz Turkiyaning va Kipr turklarining O‘rtayer dengizining sharqiy qismidagi manfaatlarini kamsitishga qaratilgan asossiz urinishlarga qarshi muzokaralarda ham, ochiq maydonda ham qat’iyat bilan kurash olib bormoqda. Xalqimiz o‘z haqini 98 yil avval Mangal tog‘i etaklari va atrof tepaliklarda kechgan qirg‘inbarot urushlarda qahramonona himoya qilib, Onado‘lining bir qarich yeridan ham voz kechmaganidek, bugun ham vatanning bir tomchi suvidan voz kechmasligini butun dunyoga namoyish etmoqda
», – deydi elchi Mehmet Surayyo Er.

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er
Diplomat bir asr avvalgi milliy ozodlik kurashida o‘zbek qardoshlar ham ko‘mak berganini qayd etar ekan, Turkiya bu yordamni hech qachon unutmasligini ta’kidlaydi.

«Ota yurtimizdagi qardoshlarimizning bundan roppa-rosa bir asr oldin o‘z rizqidan orttirib, milliy ozodlik kurashimizni qo‘llab-quvvatlash uchun Onado‘lidagi qardoshlariga yuborgan moddiy yordamini turk xalqi hech qachon unutmadi. Oliyjanoblik bilan ko‘rsatilgan bu samimiy ko‘mak ming bir mashaqqat bilan tashkil etilayotgan Turkiya Respublikasiga katta madad bo‘ldi. Buyuk ozodlik yurishidan keyin bosh qo‘mondon Mustafo Kamol Otaturkning «Armiyalar! Ilk nishoningiz – O‘rtayer dengizidir. Olg‘a!» degan buyrug‘i bilan Izmirni dushman ishg‘olidan ozod qilgan g‘olib qo‘mondonga Buxoro Xalq Respublikasi hay’ati keltirgan Amir Temur qilichlaridan biri taqdim etilgan.

Bularning barchasi Dumlupinar g‘alabasini bugungi O‘zbekiston bilan mushtarak tarixga, 30 avgust – G‘alaba bayramini umumiy shodiyonaga aylantirmoqda. Mushtarak tamaddunga ega umumiy tariximizda bu kabi qardoshlik va birdamlik namunalari talaygina. Biz kuchli qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sheriklik darajasidagi Turkiya O‘zbekiston aloqalarini yanada kuchaytirib, rivojlanishni istaymiz, umumiy sa’y-harakatlarimizda har doim yangi zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz
», – deydi Turkiya elchisi.

Diplomat bugungi avlodga farovon kelajak qoldirish uchun favqulodda fidokorlik ko‘rsatgan qahramonlar, respublika asoschisi G‘oziy Mustafo Kamol Otaturk hamda quroldosh do‘stlari, shahidlar va taraqqiyotga hissa qo‘shgan barcha davlat arboblarini ehtirom ila yodga olgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoro hay’ati Mustafo Kamol Otaturkka Amir Temur qilichini taqdim etgan edi