19:13 / 07.09.2020
5 704

Samarqand hokimligi eri xo‘rlagan va majburlab pampers yedirgan ayolni yarashtirmoqchi

Samarqand hokimligi eri xo‘rlagan va majburlab pampers yedirgan ayolni yarashtirmoqchi
Avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida eri tomonidan ayovsiz kaltaklanayotgani aks etgan ayol videosi tarqalib ketgan edi. Keyinroq Samarqand viloyati IIB jabrlanuvchi Samarqand shahar Termiz ko‘chasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan Mustahkam, uni kaltaklagan fuqaro esa ayolning turmush o‘rtog‘i, 1985 yilda tug‘ilgan Sh. ismli fuqaro ekanini ma’lum qildi. 5 sentabr kuni ushbu holat yuzasidan Samarqand shahar hokimligi axborot berdi.

Samarqand viloyati IIB axborotida Mustahkam va Sh. 2012 yili shar’iy, 2015 yilda rasmiy (FHDYO) nikohdan o‘tgani, oilaviy kelishmovchilik sabab er xotinini doimiy kaltaklab, qiynoqqa solib kelgani ta’kidlangan edi. Shahar hokimligi izohida ta’kidlanishicha, «ayol bir necha yildan beri tahqir, xo‘rlanishlar ostida yashab kelsa-da, biror marta na mahallaga va na boshqa tashkilotga murojaat qilmagan». «Shuning uchun bu oila notinch oila sifatida ro‘yxatda turmaydi», — deyiladi hokimlik bayonotida.

Samarqand viloyati IIB ayol va uning ikki farzandi Samarqand shahar IIO FMB tomonidan himoyaga olingani, ularga «Himoya orderi» berilganini ma’lum qilgan edi. Samarqand shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari o‘rinbosari Zebiniso Rahmonovaning ta’kidlashicha, ruhshunos har kuni jabrlanuvchi ayol bilan muloqot olib borib, tegishli muolajalarni amalga oshirmoqda. «Shuningdek, unga va farzandlariga tibbiy ko‘mak ko‘rsatilib, vaqtincha yashashi uchun sharoit yaratilgan», — deydi u.

Hokimlik izohida qayd etilishicha, shahar ma’muriyati vakillari ayolning oilasi, mahallasiga borib, vaziyatni o‘rgangan. «Oilasi, qaynona-qaynotasi kelini haqida juda yaxshi fikrda. Ularning aytishicha, o‘sha kuni kelini ogohlantirmay qarindoshinikida qolib ketgan. Janjal shundan kelib chiqqan», — deyiladi hokimlik axborotida. Ayni vaqtda, jabrlanuvchi ayolga tazyiq, tahdidlarning oldini olish uchun uning qayerda yashayotgani sir saqlanmoqda.

Avvalroq jabrlanuvchi ayolning eri shov-shuvli videoyozuvlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, uyidan qochib ketgani, 23 avgust kuni esa Toshkentda qo‘lga olinib, Samarqandga olib kelingani haqida xabar berilgan edi. Unga Samarqand shahar IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Itning axlatini topolmay, uch kunlik pampersni yedirgan»
Bloger Aqidaxonim 3 sentabr kuni jabrlanuvchi ayol — Mustahkam bilan jonli efirga chiqqan. Mustahkam intervyu davomida hech kimi yo‘qligi, eri bilan boshidan bir-biriga mos bo‘lmagani, uzoq vaqt davomida xo‘rlangani, oqibatda hatto o‘z joniga qasd qilish darajasiga borib, reanimatsiyaga yotqizilgani haqida so‘zlab bergan.

Mustahkamning ta’kidlashicha, u oiladagi bunday holatlar haqida ikki bor IIBga shikoyat qilgan. Birinchi safar — o‘z joniga qasd qilib, reanimatsiyaga tushganida IIB xodimi kelib, arizani qabul qilgan. Ikkinchi safar esa unga majburlab ishlatilgan bolalar tagligi (pampers)ni yedirishganidan so‘ng huquq-tartibot organlariga arz qilgan.

- 2017 yilmidi, yo 2018 midi, aniq esimda yo‘q, noyabr oylarida qaynisinglim bilan o‘rtamizda o‘zaro tortishuv bo‘lgan, shuni u (turmush o‘rtog‘i) bilib qolgan. Kim aytganini bilmayman. Shuni bilib, uyga kelgan, uyda hech kim yo‘q edi. Eshikni qulfladi. «Sen hali mening singlim bilan tortishasanmi?», deb boshida meni urushdi, urdi.

Hovlimizda Tayson degan itimiz bor. «Itning axlatini topib kel», dedi. Hovlida hamma joy supurib-sidirilgan, itning axlati yo‘q edi. «Yo‘q ekan», deb keldim. «Hojatxonadan axlat olib kel», dedi. Hojatxona chuqur edi, ololmadik. «Ololmadim», deb aytdim. «Men hozir senga yo itning axlatini yediraman, yo hojatxonadan axlat chiqarib, yuzingga surtib, hammaga sharmanda qilaman, sen hali mening singlim bilan tortishasanmi!», dedi.

Adashmasam, o‘zi ham hojatxona chuquridan axlat chiqara olmadi, itning ham axlatini topa olmadi. Chiqindilar orasidan qidirganida, uch kunlik pampers bor edi — shuning ichini yorib, tuvakka solib, majburlab, zo‘ravonlik bilan menga yedirdi. «Yemayman», deb ko‘p yig‘ladim. Katta o‘g‘lim uch yo to‘rt yosh edi, «Dadajon, unday qilmang!», deb yig‘layotgandi. Shu payt u: «Yo‘q, avval yeysan, keyin chiqib ketasan!», deb turgandi.

«Yemayman, yemayman», deganimda grafinlar bilan boshimning orqasiga uraverdi, «Yeysan!», deb, majburladi. «Buni qanday yeyman?», deganimda: «Palovni qanday qilib qo‘l bilan yesang, shunday yeysan», deb menga o‘rgatdi. Uch kunlik pampersning hidini ham gapirmasa bo‘ladi-da. Uni hali og‘zimga olmasimdan qayt qilgim kelyapti. Yo‘q, yedirdi — bu tarafdan qusyapman, bu tarafdan yediryapti... Xudoning zorini qildim, unday qilmang, deb.

Urib-urib yedirdi, qusganimni ham yedirdi. «Sen yolg‘ondan qusyapsan, qusganingni ham yeysan», deb yedirgandi. Hammasini yedirib, oldimga bir grafin suvni qo‘ygan, bir litrlik, «Oshqozoningga tushsin», deb. To hazm bo‘lguncha ikki soat oldimda o‘tirdi. Keyin eshiklarni ochib, chiqib ketdi. Shu payt, qarayapman, mazam qocha boshlayapti, qo‘l-oyog‘im ishdan chiqayapti. Taksi chaqirib, yaqindagi qarindoshimning uyiga bordim.

Eshigidan kira solib, o‘zimdan ketganman, yiqilib tushganman. Ularning aytishicha, behush holimda faqat: «Tez yordamni chaqiringlar», deganman. Tez yordamni chaqirishgan, do‘xtirlar kelib men bilan savol-javob qilgan, hushim o‘zimda emas, lekin, aytishlaricha, «Pampers yedirdi, ichimni tozalanglar», deb aytganman, ko‘zim yumuq holda. Ular vaziyatga qarab, soat 22:30 larda yedirgan bo‘lsa, 1:00 larda men qarindoshimning uyiga borgan bo‘lsam, hazm bo‘lgan.

«Shifoxonaga olib borguncha bu o‘lib qoladi, ulgurmaymiz», deb, uyning o‘zida muolajani boshlagan vrachlar. Ichimni tozalab, oldimda uch soatmi, to‘rt soat o‘tirdi-da, ertalabgacha, «o‘ziga kelsin», deb. Shunaqa bo‘lgandi
, - deydi Mustahkam.

«Hokimlik bu oilani yarashtirmoqchi»
4 sentabr kuni Aqidaxonim Mustahkamni kelinlik uyidagi oilasi (xususan, qaynotasi) kechirim so‘rash uchun qidirayotgani, ayolning aynan qayerda ekanini esa faqat IIB, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshliqlari, Yoshlar ishlari agentligi bilishini yozgan. «Mustahkam xavotirga tushyapti, lekin xavotir olmang, hammasi joyida bo‘ladi, dedim. Mabodo kimdir uni topib kelsa, u bu ma’lumotni qayerdan olganini bilamiz», — degan Aqidaxonim.

5 sentabr kuni Aqidaxonim navbatdagi jonli efirda Samarqand shahar hokimligi mas’ullari, xususan, Samarqand shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari o‘rinbosari Zebiniso Rahmonova jabrlanuvchi ayolni oilasi bilan yarashtirish uchun unga bosim o‘tkazishni boshlagani, buning uchun ayrim mas’ullar (ularning ismlari aytilmagan) hatto ayolning qaynotasidan pul olganini ta’kidlab o‘tgan.

«Sizlar shunday muammoli oilalarni mana shu yo‘sinda yarashtirasizlar-da, keyin ertasiga ‘voy o‘zini osib qo‘yibdi’, ‘voy o‘zini mashinani tagiga tashlabdi’, ‘voy cho‘kib ketibdi’ va hokazo, va hokazo deb yurasizlar», — deydi Aqidaxonim. Blogerning ta’kidlashicha, hokimlik vakillarining bunday xatti-harakatlarini «sharmandalik», o‘nlab do‘konlari, Siyob bozorining sobiq rahbari bo‘lgan qaynotaning xo‘rlangan kelini uchun bitta kvartira olib bermasligini esa — «uyat».

Aqidaxonimning qo‘shimcha qilishicha, unga Samarqand viloyati hokimi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev qo‘ng‘iroq qilib, hokim Mustahkam uchun yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan alohida kvartira qilib berilishini ta’kidlaganini aytgan va undan Mustahkamning telefon raqamini berishni so‘ragan. Aqidaxonim raqamni bermagan, Mustahkamga o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, hokimlik aytgan manzildan uy berilishi mumkinligini aytgan.

Bunga javoban Mustahkam: «Opajon, erimning o‘ynashi ham, o‘sha sporsmen og‘aynilari ham, qaynisingillarim ham o‘sha yerda yashaydi, men u yerga chiqmayman», deb javob bergan. Aqidaxonim ham Mustahkamga «balki yarasharsiz?», deb savol bergan. «Umuman qaytmayman, bormayman, chunki u yerdan mening o‘ligim chiqadi, men bolalarim uchun yashashim kerak», deb javob bergan Mustahkam.

Aqidaxonimning obunachilari va ijtimoiy tarmoqlarning boshqa foydalanuvchilari jabrlanuvchi ayol — Mustahkamga yordam ko‘rsatish uchun pul to‘plash harakatlarini boshlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqand hokimligi eri xo‘rlagan va majburlab pampers yedirgan ayolni yarashtirmoqchi