20:10 / 02.10.2020
5 759

Qoraqalpog‘iston sobiq rahbarining o‘g‘li, respublika DXX sobiq rahbari. Murat Kamalov haqida

Qoraqalpog‘iston sobiq rahbarining o‘g‘li, respublika DXX sobiq rahbari. Murat Kamalov haqida
Murat Kamalov.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining 2 oktabr kuni bo‘lgan navbatdan tashqari 8-sessiyasida Murat Kamalov Qoraqalpog‘istonning yangi rahbari etib saylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham qatnashgan sessiyada Oqsoqollar kengashi tomonidan Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga (respublika Konstitutsiyasiga muvofiq, bu Qoraqalpog‘istondagi eng yuqori lavozimdir) Murat Kamalov nomzodi tavsiya etilgan. Shavkat Mirziyoyev bu nomzodga o‘z roziligini bildirgan. Shundan so‘ng yashirin ovoz berish yo‘li bilan Kamalov Jo‘qorg‘i Kenges raisligiga saylangan. Jarayon Qoraqalpog‘iston Konstitutsiyasining 80-moddasida ko‘rsatilganidek o‘tgan.

Murat Kamalov 12 kun avval Jo‘qorg‘i Kenges deputati etib saylangan edi. Bungacha, 2020 yil 7 avgustidan beri Prezident huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaziga direktorlik qilgan. Undan avval, 2018 yildan boshlab, Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston bo‘yicha boshqarmasiga boshliq bo‘lgan (2020 yil avgustida Qoraqalpog‘iston DXXga yangi boshliq tayinlangani ma’lum bo‘lgan edi). Maxsus xizmat maktabini tamomlab, mehnat faoliyatini ham 1977 yili Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati)da boshlagan bo‘lsa-da, Kamalov 1987 yildan to 2018 yilgacha boshqa sohalarda faoliyat yuritgan.

Jumladan, 1987—1990 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasida kichik ilmiy xodim, 1990—1991 yillarda «Konsul» diplomatik vakolatxonalarga xizmat ko‘rsatish tashkilotida bosh muhandis, 1991—1996 yillarda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi huzuridagi «Karakalpakintorg» xorijiy mamlakatlar bilan ishbilarmon hamkorlik uyushmasining Toshkentdagi vakolatxonasida direktor, 1996—2010 yillarda Toshkentdagi Stellor unitar korxonasida boshliq (ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, korxona ulgurji savdo bilan shug‘ullangan), 2010—2018 yillarda «Huquqiy biznes va konsalting agentligi» advokatlik byurosida maslahatchi lavozimlarida ishlagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari 8-sessiyasida nutq so‘zlamoqda, 2020 yil 2 oktabr.
Foto: Prezident matbuot xizmati

«Murat Kamalovni ko‘p yillardan beri taniyman. U avvalo halol odam, vatanparvar odam», — degan Jo‘qorg‘i Kengesning 2 oktabrdagi sessiyasida so‘zga chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoyev. U Kamalovning nomzodiga uning «insoniy fazilatlari, fidoiyligi va rahbarlik qobiliyatini hisobga olib» rozilik bildirgan. Prezidentning ta’kidlashicha, Kamalov «qayerda ishlagan bo‘lmasin, qoraqalpoq elining dardi bilan yashagan». «Eng asosiysi shu. Boshqasi tajriba bilan keladi. U otasi Qallibek Kamalov, marhum Musa Yerniyazov ishlarini davom ettirib, xalqni rozi qiladi, deb ishonaman», — deb ta’kidlagan O‘zbekiston Prezidenti.

Qallibek Kamalov (chapdan ikkinchi) va Sharof Rashidov (markazda).
Foto: «Odnoklassniki.ru» / Qaraqalpaqlar

Murat Kamalovning otasi Qallibek Kamalov 21 yil Qoraqalpog‘istonga rahbarlik qilgan. Qallibek Kamalov 1953—1956 yillarda Qoraqalpog‘iston kommunal xo‘jalik vaziri, 1956—1958 yillarda Qoraqalpog‘iston avtomobil transporti va shosse yo‘llari vaziri bo‘lgan. Keyingi to‘rt yil Qoraqalpog‘iston Ministrlar Sovetiga raislik qilgan, 1963 yilda esa Qoraqalpog‘iston Kommunistik partiyasi birinchi kotibi etib saylangan. Sharof Rashidovning o‘limidan so‘ng, 1984 yilda birinchi kotiblikdan olinib, Ruminiyaning Konstansa shahriga SSSR bosh konsuli qilib yuborilgan. 1987 yilda «paxta ishi»da ayblanib, keyinchalik , 1990 yil iyunida SSSR prezidenti farmoni bilan barcha mukofotlaridan mahrum qilingan. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Sharof Rashidovning o‘g‘li Qallibek Kamalovning qiziga uylangan, Kamalovning o‘g‘li esa Rashidovning jiyaniga uylangan.

Shavkat Mirziyoyev va Qallibek Kamalov, 2017 yil 7 dekabr.
Kadr: YouTube

Qallibek Kamalov 2017 yili Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan. Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan 91 yoshli Kamalov (hozirda 94 yoshda), jumladan, shunday degandi: «Prezidentimiz qo‘lidan orden olish men uchun ulkan baxt. Bu mukofot bir o‘zimga emas, butun Qoraqalpog‘iston mehnatkash xalqining qahramonona mehnati uchun berilgan orden, deb o‘ylayman. Har bir elning, har bir millatning, har bir mamlakatning o‘sishi, rivojlanishi birinchi rahbarning odamgarchiligi, aqli, ish yurgizish uslubiga bog‘liq. Bir yil ichida bizning suyukli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich do‘st mamlakatlar bilan yaqin bo‘lib, O‘zbekistonning 2017—2021 yillar orasidagi quriladigan ulkan qurilish ob’ektlariga yetadigan investitsiyani olib keldi. Xalqaro arenada Shavkat Miromonovich dadil qadam tashladi. Bu qadam bilan, Xudo xohlasa, yaqin orada O‘zbekiston eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin oladi».

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining avvalgi rahbari Musa Yerniyazov 2020 yil 31 iyul kuni koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan edi. Murat Kamalov Jo‘qorg‘i Kenges raisligiga saylangan Qoraqalpog‘iston tarixidagi to‘rtinchi rahbar bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qoraqalpog‘iston sobiq rahbarining o‘g‘li, respublika DXX sobiq rahbari. Murat Kamalov haqida