12:20 / 19.10.2020
3 679

Zangiotadagi COVID-19 kasalxonasi oldida mayyitlarni olib ketish uchun yuzaga kelgan navbat videosi tarqaldi

Zangiotadagi COVID-19 kasalxonasi oldida mayyitlarni olib ketish uchun yuzaga kelgan navbat videosi tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlar va Telegram’dagi ommabop kanallarda Zangiotadagi koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi darvozasi oldida yuzaga kelgan navbat videosi tarqaldi — videodan anglashilishicha, navbatda turganlar shifoxonada vafot etgan yaqinlarini olib ketish uchun kelganlardir; ta’kidlanishicha, «kunlab navbat kutayotganlar bor».

Videoda fuqarolar ular bilan muloqotga chiqqan shifoxona mas’uliga qarata «mayit yuvuvchilarni ko‘paytirish»ni talab qilayotgani, mas’ul xodim esa «qo‘lida bo‘lganida, yuvuvchilarni ko‘paytirib qo‘ygan bo‘lishi»ni aytayotganini ko‘rish mumkin. Ayni vaqtda darvoza oldidagi mas’ullardan biri fuqarolarga «yuqoriroq joyga murojaat qilish»ni tavsiya etgan.

Video shifoxonani qo‘riqlashga jalb etilgan harbiy xizmatchilardan biri fuqaro darvoza oldidagi jarayonni tasvirga tushirayotganini payqab qolib, uning oldiga yaqinlashib kelganidan so‘ng yakuniga yetgan. Ushbu videoyozuv yuzasidan hozircha na Sog‘liqni saqlash vazirligi, na boshqa tashkilotlar izoh berganicha yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlarda videoga ilova qilingan matnda ta’kidlanishicha, «shifoxonaning o‘likxonasidan mayitlarni olib ketish qiyin bo‘lib qolgan – odamlar qarindoshi vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni olib kelib ham, soatlab kutishga majbur bo‘lmoqda, tobut tashiydigan mashinalar esa narxlarni 700 mingdan boshlab ko‘tarib tashlagan».

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Abduhakim Xadjibayevning Zangiotadagi shifoxonada o‘tkazilgan yig‘ilishdagi so‘zlari audioyozuvi tarqalib ketgan, unda amaldor «kislorod bosimi tushib ketayotgani uchun» ushbu shifoxonada «har kuni bir necha odam o‘layotgani»ni ta’kidlagani ma’lum bo‘lgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zangiotadagi COVID-19 kasalxonasi oldida mayyitlarni olib ketish uchun yuzaga kelgan navbat videosi tarqaldi