17:55 / 21.10.2020
1 816

Yangi Qonun bilan qanday o‘zgartishlar kiritilmoqda?

Yangi Qonun bilan qanday o‘zgartishlar kiritilmoqda?
Foto: Senat axborot xizmati
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida «Jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokama markazida bo‘ldi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida tizimli va samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Foto: Senat axborot xizmati
Biroq jamoat xavfsizligini ta’minlashda bir qator salbiy voqealarning yuz berayotgani, jumladan, bugungi kunda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida pichoq va boshqa sovuq qurollarni olib yurish, o‘zaro janjal vaqtida mazkur ashyolar bilan qo‘rqitish yoki ularni qo‘llash kabi harakatlar ko‘plab uchramoqda.

Tahlillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak mazkur Qonunni qabul qilishning nechog‘li ahamiyatli ekanligini anglashimiz mumkin.

Misol uchun, 2017–2019 yillarda 10065 ta sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan predmet, shundan 6835 tasi, ya’ni 68 foizi pichoqlar. 2020 yilning 6 oyida esa 14957 ta sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan predmet, shundan 12762 tasi yoki 85 foizi pichoq va qolgani boshqa turdagi predmetlar.

Mazkur predmetlarning 58 foizi ko‘chada, 22 foizi bozorlarda, 24 foizi ta’lim muassasalarida aniqlangan. Buning oqibatida esa birgina 2020 yilning 8 oyida aynan o‘tkir tig‘li predmetlardan foydalangan holda 542 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, shundan 168 tasi yoki 31 foizi qotillik, 289 tasi, ya’ni 53 foizi og‘ir tan jarohati yetkazish kabi salbiy holatlar yuz berishiga olib kelgan.

Shu sababli jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 104 va 105-moddalarining ikkinchi qismidagi bandlar o‘zgartirilmoqda.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 14, 245, 287-moddalari to‘ldirilib, kodeksga yangi 1852 va 1853-moddalari qo‘shilmoqda.

1852-moddaning birinchi qismida fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, kasbiy faoliyatda, yoki sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq holda (g‘ilofsiz) olib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, fuqaroviy qurolni, sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan, sport va xo‘jalik-maishiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan ashyolarni jamoat joylarida olib yurganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.

Shuningdek, 1853-modda bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, «Qurol to‘g‘risida»gi Qonunning 3 va 9-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan, sport va xo‘jalik-maishiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan ashyolar deganda jismoniy kuch ishlatish natijasida odamning sog‘ligi va hayotiga zarar yetkazishi yoki o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xo‘jalik-maishiy va kasbiy maqsadlarda, ishlab chiqarish sanoati hamda sport faoliyatida foydalaniladigan tig‘li, kesuvchan va boshqa ashyolar, pichoqlar va boshqa tig‘li ashyolar, beysbol bitalari, softbol o‘yini uchun bitalar – chillaklarni nazarda tutuvchi tushuncha kiritilmoqda.

Shuningdek, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, shu jumladan, shahar transportida, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda, jamoat joylarida, ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurishni taqiqlovchi norma kiritilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda sovuq qurol, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan boshqa ashyolar, shuningdek pichoqdan foydalangan holda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning kamayishiga erishiladi.

Senatorlar tomonidan mazkur Qonun ma’qullandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi Qonun bilan qanday o‘zgartishlar kiritilmoqda?