18:23 / 03.11.2020
5 419

Aktrisa Gavhar Sharipovaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga qanday jazo tayinlangani ma’lum bo‘ldi

Aktrisa Gavhar Sharipovaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga qanday jazo tayinlangani ma’lum bo‘ldi
Foto: Kino-teatr.ru
O‘zbek kinosining taniqli vakili, «Aldangan ayol», «Opa-singillar» kabi o‘nlab film va seriallarda turli darajadagi rollarni ijro etgan aktrisa Gavhar Sharipova 2019 yilning 18 noyabridan 19 noyabriga o‘tar kechasi vafot etgani xabar qilingan edi. Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat YHXB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirib, aktrisa yurib ketayotgan avtobusdan tushishga harakat qilgani va ko‘ngilsiz hodisa sabab voqea joyida vafot etganini ma’lum qilgandi.

Keyinroq Gavhar Sharipovaga yuk mashinasi haydovchisi shilqimlik qilgani, shundan so‘ng aktrisa yurib ketayotgan mashinadan o‘zini tashlab vafot etgani, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro Sh.F.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabar berilgan edi.

Gavhar Sharipovaning vafotiga sabab bo‘lgan YTHning yuz berganiga salkam bir yil to‘lgan bo‘lsa-da, ammo o‘tgan vaqt ichida tergov ishining yakuni va kim aybdor, deb topilgani to‘g‘risida OAVda biror gap-so‘z tarqalmadi. Ommani hamon qiziqtirib kelayotgan sud jarayoni va kim aybdor deb topilgani-yu kim(lar)ga qanday jazo tayinlanganini bilish maqsadida «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tumani sudi raisi Nurbek Abdullayev bilan bog‘landi. Abdullayev mazkur hodisa bo‘yicha o‘tkazilgan sud jarayoniga taalluqli sud hukmini taqdim etdi.

Sud qarorida yozilishicha, sud 2020 yilning 12 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudi binosida ochiq majlis ko‘rinishida bo‘lib o‘tgan.

Unda qayd etilishicha, 30 yashar sudlanuvchi F.Sh. 2019 yilning 18 noyabr kuni soat 02:20 larda Isuzu rusumli yuk avtomashinasini A-378 Samarqand-G‘uzor avtomobil yo‘li bo‘ylab boshqarib ketayotib, G‘uzor tumanidagi «Karvonsaroy» choyxonasi ro‘parasida to‘xtaydi. U avtoulovga fuqaro Gavhar Sharipovani yo‘lovchi sifatida mindirib oladi. F.Sh. G‘uzor tumani Yarg‘unchi qishlog‘iga yaqinlashganida Gavhar Sharipovaning yelka va qo‘llaridan ushlab, tegajog‘lik qiladi. Shu payt aktrisa avtomashina eshigini ochib, unga o‘zini tashlab yuborishini aytib, ogohlantiradi.

Ammo F.Sh. Gavhar Sharipovani eshikni ochiq holatda ushlab ketayotganligini ko‘rib, uning avtomashinadan o‘zini tashlab yuborishi va buning natijasida og‘ir oqibatlar kelib chiqishi mumkinligiga ko‘zi yetsa-da, biroq beparvoligi tufayli buning oldini olmasdan, avtomashinani to‘xtatish choralarini ko‘rmaydi. F.Sh. avtomashinani o‘z-o‘ziga ishonish bilan boshqarishi natijasida Gavhar Sharipova yuk mashinasidan tushib ketadi va voqea joyida vafot etadi.

Sudlanuvchi F.Sh. sud jarayonida aybiga qisman iqrorlik bildirgan. Uning hikoya qilishicha, u 2019 yil 18- noyabr kuni soat 21:00 larda boshqaruvidagi Isuzu avtomashinaga Surxondaryo viloyati Angor tumanidan turli ko‘katlarni ortib, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumaniga borish uchun yo‘lga chiqadi. Soat 02:15 larda G‘uzor tumani Qo‘shtepa qishlog‘idan o‘tib, Yarg‘unchi qishlog‘i tomon harakatlanib borayotganida, yo‘lning chetida turgan 35-40 yoshlar atrofidagi sariq sochli ayol qo‘lini ko‘tarib, «olib keting» ishorasini qiladi. F.Sh. esa o‘sha vaqtda boshqaruvidagi avtomashina tezligi soatiga 70-80 kilometr bo‘lganligi bois ayol turgan joydan taxminan 70-80 metr o‘tib to‘xtaydi.

U yo‘lovchi ayolni mindirish niyatida avtoulovni soatiga chamasi 5 km/soat tezlikda ortga haydaydi. Taxminan 20 metrcha yurganidan so‘ng avtomashina orqa tomonidan «taq» etgan ovoz eshitiladi. Haydovchi avtomashinani darhol to‘xtatib, pastga tushgach, yo‘lovchi ayol avtomashinaning orqa o‘ng g‘ildiragining tashqi tomonida yerda jonsiz holatda yotganligini ko‘radi. Uni o‘ziga keltirish uchun yuziga 2-3 marta uradi. Ammo o‘ziga kelmagach, uning yelkasidan ko‘tarib, yo‘lning chetiga olib chiqadi va 103 ga qo‘ng‘iroq qiladi. Oradan 15-20 daqiqa o‘tib, Yarg‘unchi QVP tibbiyot xodimlari keladi va shifokorlar jarohatlangan ayolni ko‘zdan kechirishadi.

F.Sh. sudda Gavhar Sharipovani avtomashinaga mindirgani, unga tegajog‘lik qilgani va oqibatda u avtomashinadan o‘zini tashlab yuborganligi to‘g‘risidagi tergovdagi ilk ko‘rsatmasini tasdiqlamasligini bildirgan. U o‘sha vaqtda shoshib qolgani va IIB xodimlari ushbu jinoyatda uni shubha ostiga olishganligi uchun shu mazmunda ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganini aytgan. Sudlanuvchi marhumani aslida avtomashinaning orqa tomoni bilan urib yuborgani, o‘sha vaqtda avtomashinada va atrofda hech kim bo‘lmagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, Gavhar Sharipovaning oila a’zolaridan kechirim so‘rab, ehtiyotsizligi tufayli baxtsiz hodisa ro‘y berganligi, marhumani avvaldan tanimasligi, u bilan suhbatlashmagani, tegajog‘lik qilmaganini aytib, suddan yengillik berishni so‘ragan.

Garchi F.Sh. sudda tergovdagi ko‘rsatmalarini tasdiqlamasligi haqida gapirgan bo‘lsa-da, uning bu vaji quyidagi asoslarga ko‘ra rad qilingan:

- Gavhar Sharipova Isuzu avtomashinadan tushib ketgan va olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Bu holat marhumaning tanasida ko‘plab shikastlar mavjudligi haqidagi ekspertiza xulosasi bilan to‘liq isbotini topgan.

- F.Sh. tergov jarayonida ushbu hodisa qanday yuz berganligini batafsil tushuntirib, haqqoniy va ishonchli ko‘rsatma bergan. Shu bois sud F.Sh.ning suddagi ko‘rsatmalarini javobgarlikni yengillashtirish maqsadida aytilgan vaj, deya baholagan va haqiqatga mos kelmaydi, deb hisoblagan.

Sud F.Sh.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan ayblagan. Shuningdek, sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalariga asosan, avvalgi hukmi yuzasidan o‘talmay qolgan jazo muddati qisman qo‘shilib, transport vositalarini boshqarish huquqidan 2 yil-u 6 oyga hamda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Asosiy jazo muddati 2019 yil 19 noyabrdan boshlab hisoblanishi belgilangan.

Ma’lumot uchun: F.Sh. 1990 yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ilgan. Unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Nurobod tuman sudining 2019 yil 25 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi va 45-moddasiga asosan transport vositalarini boshqarish huquqidan 2 yilga mahrum qilish hamda ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aktrisa Gavhar Sharipovaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga qanday jazo tayinlangani ma’lum bo‘ldi