14:40 / 11.11.2020
1 915

Soxta IIB xodimi sodda ayolni «chuv» tushirdi

Soxta IIB xodimi sodda ayolni «chuv» tushirdi
Qo‘shtepalik X. Muzaffar 32 yoshda. Oila qurib hayotning yaxshi-yomonini ko‘rmagan bu yigit pul topishning oson yo‘llarini izlab adashdi.
2019 yilning avgust oyida «Damas» avtomashinasida kirakashlik qilib yurganida tuman ma’muriy sudiga kelayotgan sodda bir ayol R. Shohida bilan tanishib qoldi.

— O‘zaro janjal tufayli turmush o‘rtog‘im meni ko‘chaga haydadi, — dedi mushtipar ayol ko‘zida yosh bilan. — Shu bois uyimga kiritib qo‘yishni so‘rab sudga murojaat qilganman.

Bozordan ichki ishlar xodimining maxsus libosini sotib olgan kirakash yigitning qalbiga shayton vasvasa soldi.
— Agar sud qarorini foydangizga hal etish kerak bo‘lsa, men viloyat IIBda ishlayman, — deya ayolning ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rdi u.

Mushtipar ayolning telefon raqamini olib xayrlashgan Muzaffar biroz vaqt o‘tib o‘ziga qo‘ng‘iroq qilgan navbatdagi «o‘lja»ni aldashga tushdi.
Shu tariqa u ayoldan shu kuni 350 ming, oradan biroz vaqt o‘tib 500 ming so‘mni sud qarorini uning foydasiga ijobiy hal etish uchun oldi.

Yolg‘on va’dalardan boshi aylangan ayol suhbatlarning birida Muzaffarga kreditga “Nexia-3” avtomashinasi olish uchun pul yig‘ayotganini aytdi. Bu ustomon yigit uchun navbatdagi imkoniyat edi.

Yangi mashina olib berishni va’da qilgan Muzaffar tez-tez ayol bilan uchrashish uchun ichki ishlar xodimi libosida kelib, turli miqdordagi pullarni olib ketaverdi.

— 2020 yilning 3 fevral kuni shu mashinalardan biri nomingizga rasmiylashtiriladi, — dedi u Shohidani o‘tgan yilning so‘nggi kunlari Farg‘ona shahridagi avtosalonga olib kelib. — Shu desangiz yana biroz pul kerak bo‘lib qoldi...

Mashina olish orzusi Shohidaga juda qimmatga tushdi. Muzaffar undan pul so‘rayverib tinka-madorini quritdi: qo‘lidagi tillo uzugi, plastik kartasidagi pullarigacha shilib oldi.

Kutaverib sabri tugagan Shohida hojatbaror tanishini uyiga izlab kelib topolmay, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bo‘lavermagach, «chuv» tushganini anglab yetdi. Shu bois huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qildi.

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudi raisi A. Ergashev tomonidan ushbu sud ishi bo‘yicha hukm o‘qildi. Unga ko‘ra, soxta ichki ishlar idorasi xodimi firibgarlik jinoyati uchun jinoiy jazoga tortildi. Undan jabrlanuvchiga yetkazilgan 23 million so‘m va 800 AQSH dollari miqdoridagi moddiy zarar undiriladigan bo‘ldi.

B. Madiyorov

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Soxta IIB xodimi sodda ayolni «chuv» tushirdi