09:43 / 24.11.2020
2 559

Vahshiylikni videoga olib internetga tarqatganlar qamoqqa olindi

Vahshiylikni videoga olib internetga tarqatganlar qamoqqa olindi
Foto: Samarqand viloyati IIB axborot xizmati
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi savdo markazlaridan birida qonga bulg‘angan pichoqni ko‘tarib, ikki kishini o‘limiga sabab bo‘lgan fuqaroning tasviri aks etgan video hamda fotolavhalar tarqaldi va omma orasida turlicha muhokamalarga sabab bo‘ldi, deyiladi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ushbu video (foto) yuzasidan IIB xodimlari tekshiruv ishlarini olib borishgan. Vahshiylik aks etgan ushbu videolavhalar 3 nafar samarqandlik yigitlar tomonidan tasvirga olinib, tarqatilgani ma’lum bo‘lgan.

«Bu ham yetmaganidek, ushbu fuqarolar bilan aholi orasida bu kabi zo‘ravonlik va shafqatsizlik aks etgan lavhalarni tarqatmaslik yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish uchun borgan IIB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatish qanchalik to‘g‘ri?!

Ushbu shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. Samarqand shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan uchala yigitga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi barcha OAV xodimlari, blogerlar va fuqarolarning axborotni olish, undan foydalanish va tarqatish huquqlari mavjudligini eslatib o‘tadi. Faqatgina bunday harakatlar qonun doirasida amalga oshirilishi lozim.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 189-1 va Jinoyat kodeksida 130-1-moddalar mavjud bo‘lib, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilangan
», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahridagi savdo do‘konlaridan birida mudhish qotillik ro‘y bergani haqida xabar berilgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)