10:28 / 11.12.2020
2 458

Bosh prokuratura yangi yil arafasida eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari narxi mo‘tadil saqlanishiga kafolat berdi

Bosh prokuratura yangi yil arafasida eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari narxi mo‘tadil saqlanishiga kafolat berdi
Prokuratura organlari prezident topshirig‘iga muvofiq, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini manipulyatsiya qilish, ularga sun’iy tanqislikni vujudga keltirishga qarshi kurashish orqali narxlar barqarorligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.

Ma’lum qilinishicha, respublika dehqon bozorlariga prokuratura xodimlari biriktirilgan. Ular doimiy asosda narxlarning barqarorligini ta’minlash, ishlab chiqaruvchilarni dehqon bozorlariga to‘sqinliksiz kirib kelishi hamda bu boradagi korrupsiyaga qarshi kurashish bilan shug‘ullanyapti.

«Narxlarni doimiy o‘rganilishi natijalari bo‘yicha narx oshishi ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarga 220 ming tonna mahsulotlar keltirilib, narxlar mo‘’tadillashtirib borildi.

Shuningdek, dehqon bozorlarida 1 830 ta rasta va savdo nuqtadan iborat oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkalari tashkil etilib, ularda mahsulotlar boshqa rastalarga nisbatan arzon sotilmoqda. Ko‘rilayotgan bu kabi choralar narxlarning asossiz o‘sib ketishini oldini olishga xizmat qilmoqda
», – deyiladi rasmiy axborotda.

Ta’kidlanishicha, qish-bahor mavsumida zaxira tadbirlarini tashkil etishning moddiy asoslari yaratilib, tasdiqlangan grafikka muvofiq, mahalliy hokimliklar tomonidan bugungi kun holatiga 791,4 ming tonna (rejaga nisbatan 99,6 foiz) asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi jamg‘arilgan.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida kichik ekobozorlarni tashkil etish bo‘yicha zarur yer maydoni ajratilib, tarmoq jadvallariga muvofiq 10 dekabr holatiga ularning 363 tasi foydalanishga topshirilgan.

Narxlarni asossiz oshirish holatlariga nisbatan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida mahsulot qimmat sotilishining oldi olinib, jiddiy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilmoqda.

«Hozirda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda Yangi yil bayrami arafasida arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi o‘tkaziladigan joylar belgilanib, dehqon-fermerlarni biriktirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yangi yil bayrami arafasida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining vujudga kelmasligi hamda narxlarning mo‘’tadil saqlanishini ta’minlashga prokuratura organlari kafolat beradi
», – deya bayonot bergan Bosh prokuratura.

Qayd etilishicha, fuqarolar asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz ravishda oshirilish holatlariga, shuningdek ishlab chiqaruvchilar, fermerlar, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari dehqon bozorlarida o‘z mahsulotlarini sotishda turli to‘siqlarga duch kelgan taqdirda, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning 71 233 10 07 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura yangi yil arafasida eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari narxi mo‘tadil saqlanishiga kafolat berdi