16:23 / 11.12.2020
2 089

Prokuratura xodimlari dehqon bozorlariga biriktirildi

Prokuratura xodimlari dehqon bozorlariga biriktirildi
Foto: Toshkent shahar prokuraturasi
Davlat rahbari bergan alohida topshiriqqa muvofiq, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini manipulyatsiya qilish, ularga bo‘lgan sun’iy tanqislikni vujudga keltirishga qarshi kurashish orqali narxlarning barqarorligini ta’minlash borasida prokuratura organlari tomonidan zaruriy choralar ko‘rib kelinmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, dehqon bozorlariga prokuratura xodimlari biriktirilib, ular doimiy asosda narxlarning barqarorligini ta’minlash, ishlab chiqaruvchilarni dehqon bozorlariga to‘siqsiz kirib kelishi hamda bu boradagi korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Narxlar doimiy o‘rganilib, qimmatlashishi ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarga 220 ming tonna mahsulotlar keltirilgan va narxlar mo‘’tadillashtirilgan.

Shuningdek, dehqon bozorlarida 1 830 ta rasta va savdo nuqtadan iborat oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkalari tashkil etilib, ularda mahsulotlar boshqa rastalarga nisbatan arzon sotilmoqda.

«Ko‘rilayotgan bu kabi choralar narxlarning asossiz o‘sib ketishini oldini olishga xizmat qilmoqda», deyiladi prokuratura xabarida.

Mahkama matbuot xizmatining alohida qayd etishicha, qish-bahor mavsumida zaxira tadbirlarini tashkil etishning moddiy asoslari yaratilib, tasdiqlangan grafikka muvofiq, mahalliy hokimliklar tomonidan bugungi kun holatiga 791,4 ming tonna yoki rejaga nisbatan 99,6 foiz asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi jamg‘arildi.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida kichik ekobozorlarni tashkil etish bo‘yicha zarur yer maydoni ajratilib, tarmoq jadvallariga muvofiq 10 dekabr holatiga ularning 363 tasi foydalanishga topshirildi. Narxlarni asossiz oshirish bilan bog‘liq jiddiy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilmoqda.

Ayni paytda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda Yangi yil bayrami arafasida arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi o‘tkaziladigan joylar belgilanib, dehqon-fermerlarni biriktirish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Yangi yil bayrami arafasida ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining vujudga kelmasligi hamda narxlarning mo‘’tadil saqlanishini ta’minlashga prokuratura organlari kafolat beradi.

Fuqarolar asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz ravishda oshirilish holatlariga, shuningdek ishlab chiqaruvchilar, fermerlar, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari dehqon bozorlarida o‘z mahsulotlarini sotishda turli to‘siqlarga duch kelgan taqdirda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning 71 233 10 07 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin
», – deyiladi xabarda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Prokuratura xodimlari dehqon bozorlariga biriktirildi