23:14 / 07.01.2021
2 065

Harbiy xizmatchilar uchun shinam turarjoylar (foto)

Harbiy xizmatchilar uchun shinam turarjoylar (foto)
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Vatan himoyachilari kuni arafasida Namangan shahrining “Yuksalish” mahallasi hududida harbiy xizmatchilardan bir guruhiga taqdim etilgan uchta yangi turar joy binosi ham mard o‘g‘lonlar uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir namunasi bo‘ldi.

Mazkur binolardan joy olgan xonadonlarning 30 tasi mudofaa vazirligi xarbiy qismlari xizmatchilariga taqdim etilgan bo‘lsa, 30 tadan xonadonga Milliy gvardiya va ichki ishlar tizimi vakillari ko‘chib kirishdi. Vatan posboni degan sharafli nomni munosib oqlab kelayotgan ofitser va serjantlar uchun bunyod etilgan bu turarjoylar zamonaviy me’morchilik an’analari asosida tiklangan bo‘lib, har jihatdan shinam va qulaydir. Xususan, bu yerda yaratilgan infratuzilma tarmoqlari xonadon egalari kundalik turmushiga fayz bag‘ishlaydi.

– Bugun oilamiz barcha a’zolarining quvonchi cheksiz, – deydi katta serjant Omonilla Qahhorov. – Chunki, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ikki xonali uyning kalitini qabul qilib oldik. Bu yerdagi sharoitga kishining havasi keladi, munosib hayot kechirish uchun zarur bo‘lgan hamma narsa muhayyo. Hovlidagi bolalar maydonchasini aytmaysizmi, undagi sport jihozlari va qiziqarli o‘yin moslamalari farzandlarimizning quvnab-yayrab o‘sishlariga xizmat qiladi.

Milliy gvardiyaning Namangan viloyat boshqarmasi xarbiy xizmatchisi, mayor Azizjon Tursunov ham uch xonali xonadon sohibiga aylandi. U yaqin kunlargacha oilasi bilan ijarada yashab, o‘z uyi bo‘lishini orzulab keldi. Mana endi shinam go‘shasi bor. Vatan himoyachilari kunini turmush o‘rtog‘i va ikki farzandi bilan yangi uyda qarshi olayotgan Azizjon xonadonning boshlang‘ich badali qo‘mondonlik tomonidan qoplab berilganligi, qolgan qismini esa yigirma yillik imtiyozli kredit asosida hisob-kitob qilinishidan juda-juda minnatdor.

Yangi turar-joylar kalitini xonadon egalariga topshirish marosimi bayramga aylanib ketdi. Tantana chog‘ida so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Sh. Abdurazzoqov, Mudofaa vazirligining Sharqiy harbiy okrugi qo‘mondoni polkovnik L. Buzrukov, Milliy gvariya qo‘mondonining o‘rinbosari B. Abdullayev va jamoatchilik vakillari hamda yangi uy sohiblari davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik, eng avvalo, yurt ravnaqi, osmonimiz musaffoligi, chegaralarimiz daxlsizligi, bir so‘z bilan ay tganda, Vatanimiz tinchligi bilan bog‘liq ekanligini alohida ta’kidladilar. Viloyat hokimligi tomonidan bir qator xonadon egalariga televizor va boshqa ro‘zg‘or buyumlaridan iborat esdalik sovg‘alari topshirildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Harbiy xizmatchilar uchun shinam turarjoylar (foto)