15:56 / 11.01.2021
2 283

«Murojaatlarning 90 foizi qamoqdan yo‘llanadi» — Ombudsman qiynoqlar haqida

«Murojaatlarning 90 foizi qamoqdan yo‘llanadi» — Ombudsman qiynoqlar haqida
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev 2020 yilning 29 dekabr kuni Kongress xollda o‘tkazilgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasiga bag‘ishlangan tadbirdan so‘ng «Daryo»ga qisqa intervyu berdi.

Ulug‘bek Muhammadiyevning aytishicha, fuqarolar huquqiy tafakkuridan kelib chiqib, qiynoq holati haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga zudlik bilan murojaat qilishi zarur.

«Ombudsman oxirgi 2-3 yildan buyon har yili parlamentga hisobot taqdim etib kelmoqda. Ahamiyat qaratayotgan bo‘lsangiz, biz o‘z hisobotimizga aynan qiynoqlar masalasini ham kiritib boryapmiz, bu haqda butun parlament vakillari va jamoatchilik ham xabardor bo‘lmoqda.

Haqiqatan qiynoqlar masalasi bo‘yicha fuqarolarning murojaatlari bizga ko‘p keladi. Lekin murojaatlarda aytilayotgan holatlarni o‘z vaqtida aniqlash juda ham murakkab. Chunki fuqarolar bu masala yuzasidan o‘z vaqtida emas, balki oradan ma’lum muddat: uch, olti oy yoki bir yil o‘tganidan so‘ng kechiktirib murojaat qilishadi. Bu paytda ular aytgan gaplarni faktsiz isbotlashning imkoni yo‘q.

2020 yili yuz bergan Andijon va Qashqadaryo holatlari to‘g‘risida o‘sha voqealar kuzatilgan paytdayoq huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilikka murojaat qilingani tufayli ikkala holat ham o‘z vaqtida o‘rganilib, nazoratga olindi va isbotini topdi. Aybdorlar jazolandi, sud bo‘ldi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, avvalo, fuqarolarimiz o‘zining huquqiy tafakkuridan kelib chiqib, bunday holatlar haqida zudlik bilan ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, ham inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, xususan, Ombudsmanga ham o‘z vaqtida murojaat qilishi lozim. Biz ham bunday murojaatlarni darhol o‘rganib, uning oxiriga yetish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Bu bo‘yicha ichki ishlar va prokuratura organlariga nazorat bilan murojaat qilamiz. Ular o‘z mutaxassislarini jalb qilgan holda holatning tagiga yetadi, tibbiy ekspertiza qiladi. Qisqasi, bizda bunday murojaatga chuqurroq yondashish imkoniyati paydo bo‘ladi
», — dedi Muhammadiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, karantin davrida ham qiynoq holatlari to‘g‘risida murojaatlar kelib tushgan.
«Qiynoqlar masalasida bizga kelib tushayotgan murojaatlarning 90 foizi tergov jarayoniga taalluqli. Ya’ni fuqarolar o‘z murojaatini qamoqdan turib yozib yuboradi. Ular ‘Men qamoqqa tushgunimcha tergov jarayonida, sudgacha bo‘lgan davrda qiynoqqa solindim, lekin menga hech kim yordam bermadi’, degan mazmunda murojaat qiladi.

Lekin ular mahkum sifatida jazo o‘tayapti, bizga oradan ancha vaqt o‘tib, kechikib murojaat yo‘llaydi. Ular aytgan holat bo‘yicha aniqlik kiritish imkoni yo‘q. Chunki uni isbot qiladigan dalillar yo‘q bo‘ladi. Isbot qilish masalasi esa yuqorida aytganimdek, juda murakkab
», — dedi Ombudsman.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Murojaatlarning 90 foizi qamoqdan yo‘llanadi» — Ombudsman qiynoqlar haqida