21:03 / 11.01.2021
2 878

Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev Energetika vazirligi rahbariyatidan iste’foga chiqishni so‘radi

Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev Energetika vazirligi rahbariyatidan iste’foga chiqishni so‘radi
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev O‘zbekistonda kuzatilayotgan keng miqyosli energiya inqiroziga munosabat bildirdi. Uning fikricha, hozirgi holatda inqirozga sabab bo‘lgan rahbarlar iste’fosi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.

«So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘plab islohotlar amalga oshirib kelinmoqda, barcha muammolar birdaniga hal etilmagan bo‘lsa-da, sekin-asta bartaraf etib borilmoqda. Misol uchun, bir necha yillar avval plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirish katta muammo bo‘lgan bo‘lsa, hozir buni muammo deb bo‘lmaydi. Yoki konvertatsiya, ya’ni valyuta ayirboshlash, onlayn davlat xizmatlarining joriy etilishi, «OVIR», propiska tizimlari isloh qilinishi, bank tizimi islohotlari… Sanasak yetarlicha davom etishimiz mumkin. Lekin...

Bugun O‘zbekiston bo‘ylab energiya inqirozi kechmoqda. Aynan o‘ta og‘ir kechgan 2020 yildan so‘ng, har yilgidan-da sovuq kelgan qish mavsumida energiya inqirozi barchani qiynamoqda! Bu holat nafaqat aholi orasida keskin norozilik, ijtimoiy inqirozni keltirib chiqarmoqda, balki iqtisodiy faollikni susaytirmoqda hamda mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Eng achinarlisi, energetika sohasidagi muammolar oxirgi yillarda olib borilgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni «yuvib yuboryapti».

Endi o‘ylab ko‘ring, sovuq qish, katta oila, na gaz, na elektr bor! Oilaning keksa insonlari yoki chaqaloqlar sovuqdan qaltirab o‘tirsa, oilaning yoshlari har qancha urinmasin uyini isitishga, ularning farovon hayotini ta’minlashga imkoniyati bo‘lmasa, bunday odamlarga islohotlarning nima keragi bor? Bu odamlar uchun har qanday islohotlar, har qanday qonunlar, qo‘pol qilib aytganda, bir tiyin!!! ULAR SOVUQDAN QIYNALISHMOQDA. Bunday holatda ularga faqat bir narsa kerak, ENЕRGIYA TA’MINOTI!

Shu kunlarda menga saylov okrugimdan bo‘layotgan har 10 ta murojaatdan 9 tasi aynan elektr va gaz muammosi to‘g‘risida bo‘lmoqda. Murojaatlar bo‘yicha shahar, viloyat, respublika mutasaddilari kimni ayblashni bilmaydi, bir-biriga soladi! Eng oxirgi javob esa, qayerdadir avariya bo‘lgan va yaqin kunlarda hammasi yaxshi bo‘ladi degan va’da bilan cheklaniladi!

Energetika vazirligi esa 30 yildan beri sohaga investitsiya kiritilmagani haqida dardini doston qiladi. Unday bo‘lsa, 2020 yil 3-chorak yakuni bo‘yicha Energetika sohasiga yo‘naltirilgan davlat tashqi qarzining 28 foizi yoki 5,1 mlrd dollar mablag‘lar qani? Ularni qanday sarflashmoqda?

Misol uchun, umumiy qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lgan Namangandagi To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushirilsa, vodiyda elektr ta’minotida muammo qolmaydi, deb hammani ishontirishgandi. Lekin To‘raqo‘rg‘on IES o‘tgan yili ishga tushgan bo‘lsa-da, vodiyda elektr ta’minotida ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi-ku.

To‘g‘ri, men bu sohaning mutaxassisi emasman, ehtimol tushunmasman. Lekin nahot oxirgi 4 yil davomida sohada sezilarli ijobiy o‘zgarish qilib bo‘lmasa? Aholining talabi kundan kunga o‘sib bormoqda, nima uchun yil davomida shunga qarab harakat qilmaymiz? Elektron hukumat, onlayn xizmatlar, raqamli iqtisodiyot deymiz, lekin energiya bo‘lmasa, bulardan nima naf? Qaysi islohot effekt beradi bu holatda? Bunday holat oldimizdagi saylov yilida ro‘y berishini qanday tushunish mumkin? Yoki bu davlat rahbarining olib borayotgan siyosatiga qarshi atay uyushtirilayotgan «sabotaj»mi?

Savollar ko‘p, javob esa ko‘pdan beri yo‘q… Savollarga javob bera olmayotgan rahbarlar esa, doimgidek jim.

Aslida, bu holatga biz deputatlar ham qisman aybdormiz, chunki Energetika vazirligining rahbariyatini o‘zimiz tasdiqlab berganmiz. Mamlakatdagi bu holatda energiya inqirozi yuz berishiga sabab bo‘lgan rahbarlar iste’fosi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Aslida demokratik davlatlarda bunday inqirozlar ortidan rahbarlar o‘z ixtiyori bilan iste’fo beradi. Lekin bunday qila olish uchun birinchi navbatda rahbarda oriyat bo‘lishi kerak. Bizning energetika soha rahbarlarida esa energetika ta’minoti kabi oriyat hissi ham «inqirozda», – deb yozdi Doniyor G‘aniyev Telegram'dagi kanalida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev Energetika vazirligi rahbariyatidan iste’foga chiqishni so‘radi