10:00 / 16.01.2021
2 917

Demensiya - bu tafakkur buzilishimi?

Demensiya - bu tafakkur buzilishimi?
Miya xujayralari atrofiyasi va demensiyada bemorning tashqi ko‘rinishi
Tafakkur buzilishiga demensiya deb aytiladi. Bu kasallik, odatda, 60 yoshdan so‘ng rivojlana boshlaydi. Yosh oshgan sayin demensiya bilan kasallanganlar soni ortib boradi. Agar 60 yoshdan oshganlarda bu kasallik 2-3 % odamda uchrasa, 80 yoshdan keyin ularning soni 40 % ga yetib qoladi. Demak, demensiya ko‘proq keksa yoshdagilar uchun xos.

Sabablari nima? Demensiya Alsxaymer kasalligi uchun juda xos. Shuningdek, miya qon tomirlari aterosklerozi, tez-tez kuzatiladigan insultlar, bosh miyaning ketma-ket jarohatlari, spirtli ichimliklarni muttasil iste’mol qilish, giyohvandlik, doimiy qon yo‘qotishlar demensiya kasalligi rivojlanishiga sababchi bo‘ladi.

Belgilari qanday? Demensiyada inson aql-zakovati uchun xos bo‘lgan barcha oliy ruhiy funksiyalar sustlashib boradi. Demensiyada xotiraning barcha turlari, ya’ni eshitish, ko‘rish va harakat xotiralari buziladi. Bemor hozir va avval eshitgan gaplarni eslab qola olmaydi. U, hatto o‘zi gapirayotgan gaplarni ham unutib qo‘yadi. Masalan, bemor so‘zlayotganda uning fikri chalg‘isa (telefon jiringlab qoldi, uni eshitayotganlar luqma tashladi va h. k.), nima haqida gapirayotganligini unutadi-qo‘yadi.

Unga kimdir biror voqeani ertalab so‘zlab bersa, bir oz vaqt o‘tgach, ushbu voqea tafsilotlarini unutib yuboradi yoki gap nima haqda ketganligi butunlay esidan chiqadi. Bunday bemor bilan xotirani kuchaytiruvchi aqliy mashqlar o‘tkazish deyarli samara bermaydi. Og‘ir holatlarda hozir eshitgan gapini tezda esidan chiqaradi, to‘g‘rirog‘i eslab qola olmaydi. Demensiyada xotiraning barcha bosqichlari, ya’ni eslab qolish, esda saqlash va qayta esga tushirish keskin buziladi.

Demensiyada uzoq muddatli xotira ham buziladi. Bemor avvalgi kunlarida bo‘lib o‘tgan voqealarni esiga tushira olmaydi. Kasallik zo‘raygan sayin bemor o‘tmishini umuman unutadi. Obrazli qilib aytganda, ularni “o‘tmishi yo‘q odamlar” deb atash mumkin. Har doim ko‘rib yuradigan tanishlarini yuziga qarab eslay olmaslik – demensiyaning dastlabki va eng ko‘p uchraydigan belgilaridan biridir.

Demensiya bilan kasallangan bemor ko‘chaga chiqsa, uyini topib qaytib kela olmaydi. U hatto uyining oldiga qaytib kelib ham “shu uy menikimi yoki boshqa birovniki?” deb o‘ylanib qoladi. Boradigan joyini ham topa olmay yuradi yoki nima uchun uydan chiqqanligini unutib qo‘yadi. Agar bemorning ro‘parasida o‘tirib: “Mening o‘ng qo‘limni ko‘rsating, desangiz, u sizning chap qo‘lingizni ko‘rsatadi”. Ba’zi bemorlar soatga qarab, vaqt necha bo‘lganligini ham aytib bera olmaydi.

Alsxaymer kasalligi, ya’ni demensiyada bosh miya atrofiyasi
Shu bois demensiyani aniqlashda soat bilan bog‘liq sinamalardan ko‘p foydalaniladi. U ma’noli so‘zlarning mag‘zini ham chaqa olmaydi. Masalan, undan: “Sobir Akmaldan oqroq, kim qora?” yoki “Olim Hakimdan uzunroq, kim kalta?” deb so‘ralsa, so‘zlarning ma’nosiga uzoq vaqt tushunmay turadi. Bu gaplarni bir necha bor qaytarsa ham bemor to‘g‘ri javob bera olmaydi.

Demensiyada bemor fikrini bir joyga jamlab iboralar tuza olmaydi, qaysidir voqea haqida so‘zlamoqchi bo‘lsa, uning uddasidan chiqa olmaydi, so‘zlardan gap tuza olmaydi. Bemor atrofdagi narsalar nomini to‘g‘ri aytib bera olmaydi, qo‘l bilan bajariladigan avvalgi uquvlari ham izdan chiqadi.

Har doim bajariladigan oddiy amallar, ya’ni kiyinish, soqol olish, tish yuvish, chiroqni o‘chirib-yoqish, tirnoq olish, choy damlash, dush qabul qilish, eshikni ochish kabi amallarni endi eplay olmay qoladi yoki butunlay bajara olmaydi. Bemor oddiy arifmetik amallarni ham to‘g‘ri bajara olmaydi.

Demensiyada nutq funksiyasi uzoq vaqt saqlanib qoladi. Keyinchalik nutq buzila boshlaydi. Albatta, insult sababli rivojlangan demensiya bundan istisno.

Demensiyada bemorning shaxsi ham o‘zgarib boradi. U o‘ziga e’tibor qilmay qo‘yadi, kir va iflos yuradigan bo‘ladi, tozalikka rioya qilmaydi, bundan uyalmaydi ham. Demensiyaning ba’zi turlarida bemor passiv bo‘lib qolsa, boshqa holatlarda, aksincha, urishqoq, janjalkash bo‘lib qoladi. Biroq uning janjalkashligi uzoqqa bormaydi, u yana passiv holatga tushadi.

Demensiyaning so‘nggi bosqichida bemor qayerda yashayotganini yoddan chiqaradi va o‘zini anglay olmay qoladi. U o‘z bolalarini ham tanimaydi: uning yoniga kirgan qizi yoki o‘g‘liga “Siz kimsiz?” deb savol beradi. Bemor ovqat yeyman deb aytmaydi, hojatga o‘zi bormaydi, siydik ushlay olmaydi. Uni qay holatda yotqizsa, shu holatda yotaveradi.

Yuzdagi hissiy ifoda butunlay so‘nadi. Bunday bemorlar ham ruhan, ham jismonan nogiron bo‘lib qolishadi. Yuqorida zikr etilgan barcha belgilar Alsxaymer kasalligi uchun ham xos. Shu bois yaqqol ifodalangan demensiya haqida so‘z ketsa, ko‘pchilikning xayoliga Alsxaymer kasalligi keladi.

Tashxis qo‘yishda qanday xatoga yo‘l qo‘yiladi? Ma’lumki, xotira buzilishi aholi orasida ko‘p uchraydigan holat, fikrlash buzilishi esa kam uchraydi. Xotirasi pasaygan ba’zi odamlar: “Menda demensiya yoki Alsxaymer kasalligi rivojlangan shekilli” deb qo‘rqib yurishadi. Demensiyada xotira bilan bir qatorda fikrlash jarayoni ham buzilishi kerak. Xotirasi buzilib, fikrlash qobiliyati saqlanib qolgan bemorga hech qachon demensiya tashxisini qo‘yish mumkin emas.

Demensiya yoki Alsxaymer kasalligi tashxisini bir necha oylik kuzatuvlarga asoslanib neyropsixolog qo‘yadi. Agar bu tashxisni nevropa¬tolog qo‘ymoqchi bo‘lsa, albatta, bemorga maxsus neyropsixologik tekshiruvlar o‘tkazishi lozim.

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Demensiya - bu tafakkur buzilishimi?