15:59 / 18.01.2021
1 149

2021 yil uchun davlat dasturi loyihasi e’lon qilindi

2021 yil uchun davlat dasturi loyihasi e’lon qilindi
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

2021 yil Davlat dasturi loyihasi 276 ta banddan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida aks etgan asosiy g‘oya va takliflari hamda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar asosida ishlab chiqildi.

Mazkur Farmon loyihasini 10 kun mobaynida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishdan maqsad – joriy yilgi Davlat dasturini fuqarolar, xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idora mutaxassislari, biznes doira hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda yanada takomillashtirishdan iborat.

Shu maqsadlarda joylarda jamoatchilik vakillari ishtirokida turli davra suhbatlari, bahs-munozaralar, ochiq muloqotlar o‘tkaziladi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama platformalari yaratiladi.

Muhokamalar jarayonida kelib tushgan barcha fikr-mulohazalar va takliflar umumlashtirilib, ularning natijalari asosida Davlat dasturi loyihasi yanada takomillashtiriladi. Unda faol ishtirok eting.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)