15:00 / 27.01.2021
733

O‘zbekistonda blogerlar soliq to‘laydimi?

O‘zbekistonda blogerlar soliq to‘laydimi?
O‘zbekistonda Telegram, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasi va katta auditoriyaga ega bo‘lgan, reklama joylashtirish orqali daromad oluvchi (chakana savdodan tashqari) o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida hisobga olingan bo‘lsa, ularning ushbu faoliyatdan topgan daromadlari soliqqa tortilmaydi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining Jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ismoilovga tayanib, «Kun.uz» xabar berdi.

2020 yil 1 iyuldan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi belgilangan.

Ismoilovning ta’kidlashicha, shu bilan birga, internet tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatuvchi (ishlar bajaruvchi) o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga (frilansing) ko‘rsatilgan xizmatlar uchun kontrakt tuzmasdan, kelishuv to‘g‘risidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalarni (invoys), shu jumladan, elektron shaklda taqdim qilish yo‘li bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish huquqi berilgan.

Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, faqat ijtimoiy soliqni (pensiya hisoblash uchun) 2020 yil uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi (111,5 ming so‘m) 2021 yildan boshlab bir baravari (1 fevraldan 245 ming so‘m) miqdorida ixtiyoriy tartibda to‘lashi mumkin.

Qarorga asosan, ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat bilan (PR-menejer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejer, marketolog, link-menejer, targetolog, kontekst-reklama bo‘yicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi), o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishlari belgilandi hamda faoliyati davomida olgan daromadlari daromad solig‘iga tortilmaydi.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda elektron tijoratni amalga oshirish faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Elektron tijoratni amalga oshirish» qaroridagi qoidalar asosida tartibga solinadi.

Shuhrat Ismoilov ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda savdo faoliyatini (onlayn kiyim-kechak va boshqa tovarlar savdosi) amalga oshirish orqali daromad olayotgan jismoniy shaxslar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda (yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs) O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 14 maydagi «Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3724-son qaroriga asosan, milliy reyestrga kiritiladi va topgan daromadidan 2 foiz stavka bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchisi bo‘lib hisoblanadi.

Tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgandan keyin umumbelgilangan tartibda soliq to‘lovchisi bo‘lib hisoblanadi va foyda solig‘ini 7,5 foizda to‘laydi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda Davlat soliq qo‘mitasi blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar, personal sahifalarda reklama joylashi va shu yo‘l bilan daromad orttirishiga «noqonuniy faoliyat» deya ta’rif bergan, ijtimoiy tarmoqda reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, ya’ni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma olishi kerakligini aytgan, agar ijtimoiy tarmoqlarda reklama orqali daromad ko‘rayotgan shaxs davlatga soliq to‘lamasa, undan texnika vositasi (telefon, noutbuk, planshet, kompyuter) olib qo‘yilish mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)