17:38 / 02.02.2021
1 668

Bojxonachilar salkam 1,4 milliard so‘mlik qing‘irlikka chek qo‘yishdi

Bojxonachilar salkam 1,4 milliard so‘mlik qing‘irlikka chek qo‘yishdi
Tovar moddiy boyliklarini yurtimizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirishga bo‘lgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga Farg‘ona viloyatidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan tovarlarni ko‘zdan kechirish davomida navbatdagi bojxona qonunbuzilishi holati fosh qilindi.

O‘tkazilgan bojxona ko‘rigi davomida qiymati 525 mln. 439 ming so‘mlik 1428 dona avtomobil shinalari hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagani aniqlandi.

Shuningdek, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga ham hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiqcha – 1178 dona shinalar keltirilgani ma’lum bo‘ldi. Bojxona nazoratidan yashirilgan mazkur tovarlar qiymati esa 433 mln. 450 ming so‘mni tashkil qildi. Ikkita qonunbuzarlik holatida aniqlangan avtomobil shinalarining umumiy qiymati salkam 1 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.

Yana bir holatda, o‘tkazilgan tadbir davomida xorijdan temir yo‘l konteynerida Andijon viloyatidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan tovarlar bilan ularga tegishli hujjatlarni taqqoslash jarayonida asosli shubhalar yuzaga keldi.

Bojxona ko‘rigi davomida esa shubhalar o‘z tasdig‘ini topdi. Qarang-ki, konteynerda yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan ayrim tovarlar o‘rniga bojxona to‘lovlari yuqori bo‘lgan va hujjatlarda ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 345 million so‘mlik 2,5 ming dona termos, 18 ming dona tibbiy buyumlar, shuningdek, qurilish materiallari va boshqa xo‘jalik mollari borligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bojxonachilar salkam 1,4 milliard so‘mlik qing‘irlikka chek qo‘yishdi