00:23 / 03.02.2021
3 041

«Rustam kimligini hech kim bilmaydi». Polshalik jurnalist TIV bilan uchrashuv haqida

«Rustam kimligini hech kim bilmaydi». Polshalik jurnalist TIV bilan uchrashuv haqida
Foto: Facebook / apikulicka
O‘zbekistonda ishlash uchun akkreditatsiya berilmagan va Tashqi ishlar vazirligi xodimi unga shilqimlik qilganini ta’kidlagan polshalik jurnalist Agneshka Pikuliska 2 fevral, seshanba kuni vazirlik vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Twitter akkauntida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».

«Rustam kim? Men hozirgina TIV bilan maroqli uchrashuvda bo‘ldim, ular menga akkreditatsiya masalasi ochiqligicha qolayotganligini aytishdi. Men bundan minnatdorman. Shu bilan bir vaqtda menga Rustamning xatti-harakatlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishning iloji yo‘q ekanligini aytishdi… Rustam kimligini hech kim bilmaydi», — deb yozadi xalqaro jurnalist.

Agneshka Pikuliska Rustam bilan TIV binosida bir necha marotaba ko‘rishganini, 2020 yili u akkreditatsiya qilingan uchrashuvda ham Rustam bo‘lganligini aytadi. «U menga o‘tgan yil mart oyida mehnat vaziri bilan intervyu tashkillashtirgandi va vazirlikdagi hamma uni yaxshi taniydigandek ko‘ringandi», — deydi u.

Polshalik jurnalist kecha do‘stining maslahati bilan «Rustam» ismli shaxsning Telegram profilini tekshirganini aytadi. «Rasmi o‘sha-o‘sha. Keyin biz raqam kim uchun ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshirdik va ‘Ilhom aka FBI’ga tegishli ekanini ko‘rdik. Shuning uchun men TIVga ular qidirayotgan shaxsning ismi Ilhom bo‘lishi mumkinligini aytdim».

«Umid qilamanki, sirli Rustamni qidirish bo‘yicha ishlar tez orada ijobiy natija beradi. Ishonchim komil, Ilhom FBI (yoki Rustam SGB) TIVda yoki ehtimol davlatning boshqa strukturasida topiladi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, xabarlarni berib boraman», — deb yakunlagan so‘zini jurnalist.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ushbu holatga munosabat bildirib: «Jurnalist Agneshka Pikulichka bilan sodir bo‘lgan voqea O‘zbekistonda ham, boshqa mamlakatlarda ham mutlaqo qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan holat. O‘zbekiston inson sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilishning har qanday shakliga aslo toqat qilmaslik siyosatiga amal qiladi», — deb aytdi.

«Agneshka ushbu holatni aytib, mardligi va befarq emasligini namoyish etdi. Albatta, ushbu hodisa puxta o‘rganilib, tahlil qilinadi, tegishli choralar ko‘riladi va aybdorlar jazolanadi», — deydi Norboyeva.

Senat raisi ushbu holat «respublikada amalga oshirilayotgan barcha ulkan islohotlarga soya solmasligi lozimligini ta’kidladi. «O‘zbekiston demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyat barpo etish yo‘lini tanladi va shu yo‘ldan qat’iyat bilan qadam tashlashda davom etadi».

Tashqi ishlar vazirligi ushbu holat bo‘yicha hozircha munosabat bermadi.

Oldinroq Guardian, Al Jazeera, The Diplomat xalqaro nashrlari uchun yozadigan mustaqil jurnalist Agneshka Pikuliska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya bermaganligini ma’lum qilgan edi. Akkreditatsiya bo‘yicha javob qonun bo‘yicha 2 oyda emas, 6 oyda berilgan. Jurnalist TIV xodimi unga tegajog‘lik qilganini, ijobiy maqolalar yozishini so‘raganligini ham ta’kidlagan.

Agneshka Pikuliska-Vilchevska — Toshkentda faoliyat yurituvchi mustaqil jurnalist. U The Diplomat, Guardian, Al Jazeera, Eurasianet va boshqa ko‘plab ingliz hamda polyak tillaridagi xalqaro nashrlar uchun maqolalar yozadi. U Ayol jurnalistlar Koalitsiyasining a’zosi. Bundan tashqari, u Toshkentdagi Vebster universitetida ham dars bergan.

Hozirda uning maqolalari asosan Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va o‘zbek jamiyatining o‘tish davrida duch kelayotgan sinovlari haqida. Bundan tashqari, u Afg‘oniston haqidagi voqealarni ham yoritib boradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Rustam kimligini hech kim bilmaydi». Polshalik jurnalist TIV bilan uchrashuv haqida