
Hozirda erga tegayotgan qizlarning aksari ikkita “er”ga tegishmoqda...
Ajablanmang, bu haqiqat. Birinchisi o‘zining eri bo‘lsa, ikkinchisi – qaynonasi. Turmush qilayotgan qizlarning aksar holdagi muammosi eri bilan emas, qaynonasi bilan bo‘ladi.
Qaynonaga yoqqan kelin tinch, osuda va baxtli yashaydi. Mabodo qaynonaga yoqmay qolsa ish chatoq: jerkishlar, haqoratlar va janjallar ichida qiynalib yashaydi.
Mavzuga kirishdan oldin mana bu hadisi qudsiyga e’tibor qilaylik:
Abu Zar G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Alloh taolo aytadi: "Ey bandalarim, O‘zimga zulmni harom qildim va uni sizlarning orangizda ham harom qildim. Bir-biringizga zulm qilmanglar".
Muslim rivoyati.
Zulm haromdir. Uni qiluvchi kim bo‘lishi va kimga qilishining farqi yo‘q. Zolim kimsa Alloh harom etgan ishni qilayotgan bo‘ladi. U qaynona bo‘lib keliniga zulm qiladimi yoki ota bo‘lib farzandiga zulm etadimi, zulm hisoblanaveradi.
Qaynonalar kelinini yomon ko‘rib qolishining bir necha sabablari bor.
O‘g‘lini kelinidan qizg‘anishi, bir mahallar qaynonasidan zulm ko‘rgani, o‘zining o‘ta injiq va og‘ir fe’li.
Nima qilish kerak?
Bu o‘rinda o‘g‘illar o‘ta hushyor bo‘lishi lozim.
Hurmatli o‘g‘illar, uylangan bitta siz emas, otangiz ham bir mahal onangizga uylangan, boshqalar ham uylanishgan. Uylangach bor e’tiboringizni faqatgina ayolingizga qaratmang! Sizni yigirma yillab boqqan, mehr bergan onangizga bu juda og‘ir botadi. Natijada esa kelindan sizni qizg‘ana boshlaydi.
Uyga kelganingizda darrov "Keliningiz qani?", deb so‘ramang. Avval "onajon yaxshimisiz, tinchmisiz, hammasi joyidami", deya hol so‘rang.
Iloji bo‘lsa kelin haqida umuman so‘ramang. Onangiz oldida o‘tiravering, shoshib uyingizga kirib ketmang. Onangiz ko‘ngli to‘lgach, "bor, uyingga kir", deydi. Onangiz oldida "keliningiz yaxshimi, qiynalmayaptimi, og‘ir ish qilavermasin", kabi gaplarni aytmang. Bu ba’zi fe’li tor qaynonalarga og‘ir botishi va kelinni dushman ko‘rib qolishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
Kelin bilan "Onam urishsa ham indama, men onam oldida qattiqroq gapirsam ham indama, bu oddiy po‘pisa bo‘ladi, inshaalloh ichkarida kelishib olamiz, sovg‘alarim bor, onam bolasini qizg‘anib qoladi, ona-da, hozir xo‘p-xo‘p deyaver. Hali o‘zing ham Alloh o‘g‘il bersa, uylagach, keliningdan qizg‘anib qolishing mumkin", deya kelishib oling.
Narsa olib yashirib ichkariga olib kirsangiz-u, buni onangiz sezib qolsa, adovatlar ziyoda, janjallar yanada ko‘proq bo‘ladi.
Onangiz bilan ayolingiz o‘rtasini isloh etuvchi o‘zingiz!
Qaynonalarga ham aytadigan gapimiz bor.
Hurmatli qoim onalar! Siz kelinga ona o‘rnida onasiz, aslo raqib emas.
Qaynona bu qoimi ona, ya’ni ona o‘rniga ona, degani.
Birovning guldek farzandini qul yoki cho‘ri deb bilmang. Unutmang, keliningiz sizga emas o‘g‘lingizga tekkan. Sizni emas, uning xizmatini qilishi lozim.
O‘zingizni qizingizni qaynonasi qanday muomala qilishini istasangiz, keliningizga shunday muomala qiling.
Birovni gulday farzandi o‘g‘lingizga yoqib tursa-da, sizga yoqmayotgani uchun xo‘rlamang, Allohdan qo‘rqing.
Sizga yoqmagan kelinni o‘g‘lingiz yaxshi ko‘rsa adovatni kuchaytirmang, farzandingizning ko‘nglini vayron qilib, nabiralaringizni otadan ayirib qo‘ymang.
Bir vaqtlar qaynonangiz sizga zulm qilgan bo‘lsa alamini keliningizdan olmang. Allohning jazosidan qo‘rqing. Alloh taolo mazlum duosini mustajob etadi, "Allohim O‘zing kifoya qil", degan duo keliningiz og‘zidan chiqishiga sababchi bo‘lmang.
Qachonki qaynonalar kelinlarni o‘z qizidek ko‘rsa, yaxshi gapirib, adashganida chiroyli isloh qilsa, oilada baraka bo‘ladi.
Qachonki kelinlar qaynonasini o‘z onasidek ko‘rsa, eng sevikli odamining onasi unga ham sevikli bo‘lishini lozim tutsa, "xo‘p bo‘ladi"ni ko‘p aytishga o‘rgansa, oila farovon bo‘ladi.
Alloh barchamizni isloh etsin. Bu bir maslahatdir. Mabodo sizga yoqmasa, o‘zimizga tan.
Sunnatulloh Abdulbosit
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar