13:23 / 05.02.2021
1 933

Farg‘onada bir qator hokim va rahbarlar ishdan olindi

Farg‘onada bir qator hokim va rahbarlar ishdan olindi
Farg‘ona viloyatidagi uchta tuman — Quva, O‘zbekiston va Yozyovon tumanlari hokimlari ishdan olindi. Shuningdek yana bir qator sektor rahbarlari lavozimidan ozod qilingan.

Farg‘ona viloyati Xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev bu borada shunday fikr bildirdi:

— Hayot kurashdan iborat. Ayrim tuman hokimlari aravani torta olmayapti. Shu sababli 3 ta tuman hokimini ishdan oldik.

Tuman hayotida deputatlar o‘rni ham katta bo‘lishi kerak. Deputat degani xalqning ovozi, xalqning dardi, deganidir. Men sizga shuncha imkoniyat beryapman, endi ishlash kerak. Deputatlar farg‘onacha yumshoq muomala qilmasdan, achchiqroq gapiradigan, talab qiladigan vaqt keldi.

Hokimlar yerda yurib, xalqning dardini yengil qilsa, obro‘yi oshadi. Mashinada yurib obro‘ topa olmaydi.

Oxirgi 4 yilda o‘zgarish bo‘ldimi, degan savol bor? Adolat bilan javob bersak, albatta o‘zgarish bo‘ldi. Eng avvalo odamlar erkinlikni his qildi. Hayotimizga ommaviy axborot vositalari kirib keldi. Albatta bu holat ko‘pchilikka yoqmaydi. Mening eng katta tashvishim — tuman miqyosidagi rahbarlar, quyi pog‘ona rahbarlari o‘ziga mas’uliyat olishni istamayapti. «Bizga bo‘laveradi», degan kayfiyatda ishlamoqda.

Deputat deganlari o‘z maqomiga mos bo‘lishi kerak. Men Oliy Majlisni «Xalq uyi», deb atayman. Biz mana shunday dargohga kirishga munosibmizmi? Mana shu savolga vijdonan javob bera olamizmi? Endi mudrab o‘tiradigan vaqt o‘tdi. Mudrasak qimmatli vaqtimizni yo‘qotamiz. Oqibatda ertaga farzandlarimizning ta’na-dashnomini eshitamiz.

Faqat Prezident izlanishda bo‘lmasligi kerak, boshqalar ham tashabbus ko‘rsatsin. To‘g‘ri, ilgari vaziyat og‘ir edi, deputatlar qarsak chalishdan boshqa ishni bilmasdi. Shaxsan o‘zim ham deputatlik qilganman, viloyat, tuman hokimi bo‘lib ishlaganman. O‘zbekistonning qayerida qanday muammo borligini juda yaxshi bilaman.

Deputatmisiz, demak vazifangizga munosib bo‘ling. Izlaning, taklif bering, talab qiling.

Bundan buyon 4 ta sektor rahbarlari, viloyat hokimining 7 ta o‘rinbosarlari «mahallabay» ishlab, aholining muammolarini hal qilishga shaxsan mas’ul va javobgar. O‘z ishini uddalay olmagan rahbarga nisbatan jiddiy xulosa qilinadi va lavozimidan ozod etiladi, — dedi Prezident.

Xabar.uz tomonidan xabar qilinishicha, sektorlar ishini tizimli tashkil etmagani va xizmat vazifasini yetarli darajada bajarmagani uchun, quyidagi sektor rahbarlari lavozimidan ozod etildi:

Quva tumanining 4 ta sektor rahbari: hokim – Ravshan Qurbanov, prokuror – Baxtiyor Vaxobov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i – Elyor Xaydamatov, soliq inspeksiyasi boshlig‘i - Nosir Maqsudov.

O‘zbekiston tumani 2 ta sektor rahbari: hokim – Qahramon Jo‘rayev, prokuror – Mirvoxid Otaboyev.

Yozyovon tumani 1-sektor rahbari hokim – Yo‘lchiboy Boyigitov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada bir qator hokim va rahbarlar ishdan olindi