09:56 / 16.02.2021
3 290

Toshkentda «Burdalangan murda ishi» bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Jinoyatchilardan biri — «Zulfiya» mukofoti sohibasi

Toshkentda «Burdalangan murda ishi» bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Jinoyatchilardan biri — «Zulfiya» mukofoti sohibasi
Sevara Abdulhakimova.
Foto: «O‘zbekiston» telekanali / O‘zA

Toshkent shahrida 31 yoshli tadbirkorni o‘ldirib, uning jasadini bo‘laklarga ajratib tashlagan va ijaraga olingan hovliga ko‘mib yuborganlar ustidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Bir jinoyat izidan» ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Ko‘rsatuvda ma’lum qilinishicha, 2020 yilning 8 may kuni Uchtepa tuman IIBga fuqaro Nigora Payzibekova murojaat qilgan va 1989 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Ravshan Rahmatullayev 7 may kuni soat 10:00 da o‘z ishlari bilan Lacetti mashinasida uydan chiqib ketgani va shundan keyin qaytib kelmaganini ma’lum qilgan.

Aniqlanishicha, Ravshan Yunusobod tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan Jamoliddin Orifboyev bilan tanish bo‘lgan. Jamoliddin 2020 yil yanvar oyida Ravshandan keyinchalik sotib olish sharti bilan Spark mashinasini ijaraga olgan. Biroq Jamoliddin pullarni o‘z vaqtida to‘lamagani sababli Ravshan u bilan og‘zaki tortishib qolgan va achchiq ustida avtomobilni qaytarib olgan. Ravshan boshlang‘ich to‘lov sifatida berilgan 2000 dollarning 1000 dollarini mashinasi yukxonasidan olib bergan. Jamoliddin mashina yukxonasida katta miqdorda pul borligini ko‘rib qolgan.

Ilgari o‘g‘rilik va bosqinchilik jinoyatlari uchun sudlangan Jamoliddin Ravshanning pullarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida Mirmaqsud Mahkamov va Sevara Abdulhakimova bilan jinoiy til biriktirgan. Jamoliddin Telegram orqali o‘zini ayol kishi sifatida tanishtirib, Ravshan bilan muloqotga kirishgan. Ravshan Telegram’da tanishgan «Imona» ismli qiz bilan 2020 yilning 7 may kuni uchrashishga kelishgan. O‘z vaqtida karate bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan Sevara Abdulhakimova uchrashuvga chiqib, o‘zini Imonaning singlisi sifatida tanishtirgan va opasining oldiga olib borishini aytib, Ravshanni Jamoliddinning Yunusoboddagi uyiga olib borgan.

Uyda taxta bilan qurollanib, yuziga niqob taqib olgan Jamoliddin va Mirmaqsud Ravshanni urib-tepib, uni stulga bog‘lab o‘tkazib qo‘yadi. Bosqinchilar jabrlanuvchining yonidagi 400 dollar va 1 million so‘m pulini olib qo‘yib, undan yana pul talab qiladi. Ravshan Telegram orqali ota-onasiga xabar yuborib, mashina olish uchun 29 ming dollar kerakligini, uni biznes hamkori Muzaffar Sagatov orqali berib yuborishligini so‘raydi. Jinoyatchilarning tahdidi ostida bu gaplarni otasiga telefon qilganda ham takrorlaydi. Muzaffar Sagatov Ravshanning telefonda bergan ko‘rsatmasi asosida Yunusobod tumani Markaz-5 mavzesida o‘zini «Aziz» deb tanishtirgan Jamoliddin bilan ko‘rishib, unga 29 ming dollarni berib yuborgan.

Jamoliddin oyoq-qo‘llari bog‘langan Ravshanni mashina yukxonasiga joylashtirib, Yashnobod tumanida ijaraga olgan xonadoniga olib borgan. Bu yerda ham Ravshandan yana pul talab qila boshlagan. Ravshandan rad javobini olgach, uning yuz va bosh qismiga urib, bo‘ynidan bo‘g‘ib qasddan o‘ldirgan. Jamoliddin jinoyatini yashirish maqsadida Qo‘yliq dehqon bozoridan yollanma ishchilar olib kelib, hojatxona uchun deb chuqur qazdirgan. So‘ngra Ravshanning boshi, qo‘llari va oyoqlarini tanasidan ajratib, bo‘laklarga bo‘lib chuqurga ko‘mib yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hukmiga ko‘ra:

Jamoliddin Orifboyev Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining «v», «i» bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni; tamagirlik niyatida qasddan o‘ldirish), 134-moddasi (qabrni tahqirlash), 164-moddasi 4-qismining «a» bandi (juda ko‘p miqdorda bosqinchilik), 169-moddasi 3-qismi «a» (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan, jazolar qisman qo‘shiluvi bilan uzil-kesil 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mirmaqsud Mahkamov va Jamoliddin Orifboyev.
Kadr: «O‘zbekiston» telekanali

Mirmaqsud Mahkamov Jinoyat kodeksining 164-modda 4-qismi «a» (juda ko‘p miqdorda bosqinchilik) bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, shu modda bilan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Sevara Abdulhakimova Jinoyat kodeksining 164-modda 4-qismi «a» (juda ko‘p miqdorda bosqinchilik) bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Sevara Abdulhakimova 2014 yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda «Burdalangan murda ishi» bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Jinoyatchilardan biri — «Zulfiya» mukofoti sohibasi