23:56 / 20.02.2021
2 052

Toshkentda ikki nafar shifokor kaltaklandi

Toshkentda ikki nafar shifokor kaltaklandi
Foto: SSV
Kecha, 19 fevral tungi soat 23:13 da tez tibbiy yordam Sall-markaziga Toshkent shahri Yashnobod tumani Yashnobod 6-tor ko‘chasidagi xonadonlarning biridan chaqiriq tushgan.

SSV matbuot xizmati ma’lum qilishicha, tez tibbiy yordam brigadasi chaqiruv joyiga soat 23:25 da, ya’ni 12 minutda yetib borib, xonadondagi bemor tezkor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va 23:40 da bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lganligi uchun zudlik bilan poytaxtimizdagi I.Irgashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasiga yetkazilgan.

Muassasa bosh shifokori B. Mamadjonovning ma’lum qilishicha, shifoxonada 52 yoshli bemor D. N.ga «Gipertoniya kasalligi. Gipertonik kriz. O‘pka shishi va agonal holat» tashxisi qo‘yilib, zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

U paytda bemorning holati og‘ir bo‘lib, ko‘z qorachig‘i kengaygan, fotoreaksiya aniqlanmagan, nafas aktivligi kuzatilmagan holatda bo‘lgan, uyqu arteriyasida ham pulsni aniqlab bo‘lmagan va shu tariqa bemorda klinik o‘lim holati qayd etilgan.

Bemorga sun’iy nafas yuborish, yurakni bevosita massaj qilish, defibrillyator orqali ta’sir qilish va boshqa muolajalar qilinib, yurak va nafas reanimatsiyasi 30 daqiqa davomida 3 marta qayta o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha amalga oshirilgan tezkor muolajalarga qaramasdan, bemorda biologik o‘lim qayd etilgan.

Bemorning vafoti haqida yaqinlariga ma’lum qilinganda uning farzandlari tomonidan xizmat vazifasini bajarayotgan shifokorlarga nisbatan sababsiz jismoniy tazyiq o‘tkazilgan.

Buning oqibatida shahar tez tibbiy yordam xizmatining shifokori, 32 yoshli D. U. «Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi. Ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, travmatik shok 1,2-daraja» tashxisi bilan, yana bir tez tibbiy yordam xizmat xodimi, 21 yoshli A. A. «Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagining yopiq sinishi. Ko‘krak qafasi sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi» tashxisi bilan mazkur shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Foto: SSV
«Yarim tunda o‘z kasbiy faoliyatini bajarish paytida tajovuzga uchragan tibbiyot xodimlari uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan neyroxirurg shifokorlar taklif qilingan va ularga dastlabki qo‘yilgan tashxis to‘liq tasdiqlangan.

Bugun tongda ham jabrlangan tibbiyot xodimlarining ahvoli og‘irligicha qolayotganligi va ularga maxsus jarrohlik amaliyotiga tibbiy ko‘rsatma borligi sababli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan.

Darhaqiqat, Sog‘liqni saqlash vazirligi bir necha yillardan beri tibbiyot xodimlarini himoyalash borasida qonunchilikni kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini kengaytirish, aholida tibbiy xizmatdan foydalanish va shifokorlarga nisbatan muomala madaniyatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirib kelmoqda.

Mazkur holat ham bu masalaning dolzarbligini yana bir bor isbotladi. Ayni holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yo‘lladi. Unda yuqorida qayd etilgan holatni qat’iy nazoratga olgan holda, aybdor shaxslar qattiq javobgarlikka tortilishini ta’minlashda amaliy yordam so‘raldi», deyiladi SSV xabarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda ikki nafar shifokor kaltaklandi