00:30 / 02.03.2021
2 476

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi o‘zbeklarga bo‘lgan pozitsiyasi qandayligi aytildi

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi o‘zbeklarga bo‘lgan pozitsiyasi qandayligi aytildi
Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida qo‘shni davlatdagi o‘zbeklar va Abdurashid Do‘stum haqida O‘zbekiston pozitsiyasini ma’lum qildi, deb yozmoqda UzNews.

Foto: Videodan skrin
«Birinchi navbatda ular o‘zbek diasporasi emas. Ular millati o‘zbek bo‘lgan afg‘on fuqarolari. Ular o‘zlarini afg‘on sifatida tanishtirishadi va bu to‘g‘ri gap. U yerdagi o‘zbeklar bilan munosabatimiz afg‘on xalqi bilan bo‘lgan munosabatlarimizning bir qismi. Ya’ni undan qanaqadir bir farqi yo‘q. Biz ularga, avvalo, afg‘onlar sifatida qaraymiz. Rasmiy Kobulning tashvishi haqida gapirdingiz, men unday deb aytmasdim. Bu Kobulni bezovta qilmaydi. Nima uchun? Chunki 2016 yildan beri bizning Afg‘onistonga nisbatan siyosatimiz ochiq-oydin. Hech qanaqangi berkitilgan maxfiy maqsadimiz yo‘q», — degan Ismatilla Ergashev.

U, shuningdek, O‘zbekiston general Abdurashid Do‘stumni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi.

Foto: AP Photo
«Sizlar (AQSH) eng kuchli maxsus xizmatga egasizlar. Nahotki biron marta sizlar ko‘rgansizki, Islom Karimov general Do‘stumni qabul qilgani yoki qanaqadir suhbat qilganini. Bu bo‘lmagan. Do‘stum Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani kabi yoki vazirlari kabi O‘zbekistonning hamkori», — degan u o‘z intervyusida.

Ismatilla Ergashevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va general Do‘stum o‘rtasidagi bunday gap-so‘zlar tarqalishiga Afg‘oniston bilan chegara doim ochiq bo‘lgani sabab bo‘lgan. Bu chegara orqali qo‘shni davlatdagi barcha siyosiy davlat rahbarlari tashqi dunyoga kirib-chiqib yurgan.

Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekiston «Tolibon» guruhi oldiga o‘zaro munosabatlarida ayrim shartlar qo‘yganini ham aytib o‘tdi.

«Albatta, qandaydir bir chiziq bor. Bu chiziq birinchi navbatda ‘Tolibon’ning qo‘shni mamlakatlarga tahdid qilmasligi, ‘Tolibon’ Afg‘oniston hududida xalqaro terrorchi tashkilotlarga o‘rin (joy) bermasligi va ularni dastaklamasligi, ularga yordam bermasligi — bular asosiy», — degan u.

Maxsus vakilning ta’kidlashicha, Shavkat Mirziyoyev kelganidan keyin qo‘shni davlat hukumati bilan birga u yerdagi muxolifat kuchlari, ichki siyosiy partiyalar, milliy-diniy guruhlar bilan muvozanatli munosabatlar va hamkorlik o‘rnatilgan.

Ma’lumot uchun, Abdurashid Do‘stum asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lib, Afg‘onistondagi eng mashhur harbiy qo‘mondonlardan biri. 2014 yil sentabridan buyon Afg‘oniston vitse-prezidenti bo‘lgan, 2020 yilda u marshal unvonini olgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonning Afg‘onistondagi o‘zbeklarga bo‘lgan pozitsiyasi qandayligi aytildi