18:46 / 16.03.2021
1 303

Toshkentda 1 apreldan ommaviy tadbirlarni vaqtincha to‘xtatish taklif qilindi

Toshkentda 1 apreldan ommaviy tadbirlarni vaqtincha to‘xtatish taklif qilindi
Koronavirus infeksiyasining keng tarqalishini oldini olish, aholi salomatligini himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent shahrida ommaviy-madaniy tadbirlar o‘tkazilishida karantin talablariga rioya etilishi bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi.

SSV matbuot xizmatining xabar berishicha, bu haqda poytaxtda koronavirus infeksiyasi yangi shtammlari keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha Toshkent shahar shtabi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Shtab yig‘ilishida poytaxtda to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda ham Respublika maxsus komissiyasi qarorlari bilan belgilangan tartib-qoidalar va karantin talablari, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilishi bo‘yicha nazoratni qat’iylashtirish belgilangan.

Koronavirus infeksiyasi aniqlangan oilalarda karantin talablariga rioya etmagan fuqarolarga nisbatan qonuniy jazo choralari ko‘riladi.

Shuningdek, Toshkent shahar shtabi tomonidan sport musobaqalarini tomoshabinsiz o‘tkazish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi, epidemiologik vaziyat yomonlashgan taqdirda 2021 yilning 1 aprelidan boshlab ommaviy tadbirlarni vaqtincha to‘xtatib turish yuzasidan Respublika maxsus komissiyasiga taklif kiritishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, 14 mart kuni O‘zbekistonda dekabrdan beri birinchi marta bir kunda 100 dan ortiq odamda koronavirus aniqlanib, shundan 93 tasi Toshkent shahrida qayd etilgandi. Poytaxtda koronavirusga chalinish holatlari asosan o‘quvchilar, talabalar va tashkilot xodimlari orasida ko‘paygan, Xususan, Toshkentdagi 77 ta maktabda o‘quvchilar orasida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, 117-sonli bog‘chada ikki nafar tarbiyachi va bolalarda koronavirus aniqlandi va bog‘cha vaqtincha yopildi.

Koronavirus keng tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkentdagi ayrim maktablarda o‘qish bosqichma-bosqich masofaviy shaklga o‘tkazilmoqda, bozor va savdo markazlarida karantin talablari kuchaytirildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda 1 apreldan ommaviy tadbirlarni vaqtincha to‘xtatish taklif qilindi