21:23 / 18.03.2021
1 932

Prezident: «Toshkent viloyatiga 119 trln so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan»

Prezident: «Toshkent viloyatiga 119 trln so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan»
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi «Eshonobod» mahallasini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, bu yerda 3 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida «Obod qishloq» dasturi doirasida uylar, maktablar, yo‘llar va kommunal tarmoqlar ta’mirlanib, zamonaviy madaniyat saroyi barpo etildi.

Davlat rahbari bu yerda mahallaning turli millatga mansub vakillari bilan suhbatlashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
«Bugun kelishimdan maqsad — Toshkent viloyatida ham zamonga munosib sharoit yaratish. Viloyatda salkam 3 million aholi bor. 150 ming nafari ishsiz. Shuning uchun har bir mahalladagi «o‘sish nuqtalari»ni topib, shunga javobgarlarni belgilab, kerakli mablag‘larni berib, odamlarni ish bilan ta’minlashimiz kerak. Ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, ta’lim va boshqa sharoitlarni yaxshilash zarur. Bu maqsadlar uchun yirik va o‘rta loyihalar uchun viloyatga 119 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan», — degan Prezident.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Chinoz tumanidagi o‘zgarishlar, imkoniyatlar haqida ham to‘xtaldi.

«O‘zi Chinoz tumanida ishsiz bo‘lishi kerak emas. Yeri keng, odamlari mehnatkash. Har bir uyda, har bir ko‘chada madaniyat bo‘lishi kerak. Xalqimiz aytganidek olma pish, og‘zimga tush, degan bilan natija bo‘lmaydi. Birgalikda harakat qilishimiz zarur. O‘zgarishlarni istasak, hammamiz ongli ravishda o‘zgarishimiz kerak», — degan davlat rahbari.

Xabarda aytilishicha, mahallada davlat xizmatlari markazi shoxobchasi, bank filiali, tibbiyot punkti, tikuvchilik korxonasi ham tashkil etilgan bo‘lib, davlat rahbari Qo‘jakent tekstile group korxonasidagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Bu yerda ikki smenada 500 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Oxirgi bir yarim oyda 100 ming dollarlik tayyor kiyimlar eksport qilingan. Korxonaning o‘zida tikish-bichishni o‘rgatuvchi 200 o‘rinli o‘quv markazi ham ochilgan.

Mutasaddilarga tadbirkorlarga ko‘maklashib, bino va mablag‘lar ajratib, bunday kichik korxonalarni ko‘paytirish va 3 ming nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Prezident shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident: «Toshkent viloyatiga 119 trln so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan»