date
views 2 320

Mahkumlarni jazoni o‘tash uchun manzil-koloniyaga o‘tkazish tartibi bekor qilinadi

Mahkumlarni jazoni o‘tash uchun manzil-koloniyaga o‘tkazish tartibi bekor qilinadi
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Hujjat loyihasi prezidentning 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasi va 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-son farmoni bilan tasdiqlangan 2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi 23- va 30-bandlarida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqildi.

Qonun loyihasini qabul qilish zarurati quyidagilar bilan izohlanadi:
birinchidan, jazoni ijro etish tizimiga insonparvarlik tamoyillarini keng tatbiq etish;
ikkinchidan, jazoni ijro etish tizimi ochiqligi va shaffofligi ustidan jamoatchilik nazorati rolini oshirish;
uchinchidan, mahkumlarni axloqan qayta tarbiyalash, jinoyatchilik oldini olish, ijtimoiy-psixologik va tarbiyaviy ish samaradorligini oshirish;
to‘rtinchidan, mahkumlar huquqlari doirasini kengaytirish va ular ozodlikka chiqqanidan so‘ng nafaqa ta’minoti kafolatlarini kuchaytirish.

Loyiha “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun, Jinoyat, Jinoyat-ijroiya va Soliq kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutadi.

Jumladan:
birinchidan, mahkumlar jazosini yengilrog‘i bilan almashtirish yoki jazodan shartli ozod qilishga taqdim etuvchi Insonparvarlik komissiyasi tashkil etilishi, komissiya vakolatlari, asosiy vazifalari, faoliyati va tarkibini belgilash;

ikkinchidan, ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlar jazodan ozod etilganidan so‘ng pensiya ta’minoti kafolatini kuchaytirish maqsadida, mahkumlarga yagona ijtimoiy soliqni har oyda ixtiyoriy ravishda to‘lab borish huquqini taqdim etish;

uchinchidan, ozodlikdan mahrum qilingan mahkumlarni jazoni o‘tash uchun manzil-koloniyaga o‘tkazish tartibini bekor qilish;

to‘rtinchidan, mahkumlar jazosini yengilrog‘i bilan almashtirish tartibiga o‘zgartirish kiritish.

Qonun loyihasining qabul qilinishi:
birinchidan, xalqaro standart va ilg‘or xorijiy tajribani milliy xususiyatlar hamda sharoitni hisobga olgan holda, jinoyat va jinoyat-ijroiya qonunchiligiga implementatsiya qilish orqali qonunchilikni yanada takomillashtirishni;

ikkinchidan, jinoyat va jinoyat-ijroiya qonunchiligi asosiy tamoyillarini mustahkamlash, mahkumlarni axloqan tuzatishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ular huquqlari va qonuniy manfaatlari doirasini kengaytirishni;

uchinchidan, jazoni ijro etish tizimi ochiqligi va shaffofligi ustidan jamoatchilik nazorati rolini takomillashtirishni;

to‘rtinchidan, mahkumlarda qonunga itoatkor xulqni shakllantirish va ular tomonidan jinoyatlar sodir etilishi oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishni ta’minlaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mahkumlarni jazoni o‘tash uchun manzil-koloniyaga o‘tkazish tartibi bekor qilinadi