08:30 / 26.03.2021
1 753

Qashqadaryoda bo‘lajak kelin-kuyovlarni oilaviy hayotga tayyorlash maktabi ochildi

Qashqadaryoda bo‘lajak kelin-kuyovlarni oilaviy hayotga tayyorlash maktabi ochildi
Foto: Dehqonobod tuman hokimligi
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida bo‘lajak kelin-kuyovlarni oilaviy hayotga tayyorlovchi maktab ish boshladi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, maktabda yoshlarga birinchi darsni tuman hokimi Zoir Aliqulov o‘tgan.

«Oila muqaddas. Buni anglab yetgan inson, oilasining tinchligi va farovonligi uchun yelib-yuguradi. Ayolining qadriga yetib, uni baxtli qilishga urinadi. Hayotiy tajribamdan kelib chiqib, Siz yoshlarga shuni aytmoqchimanki, oila mustahkamligi, er-xotinning bir-biriga bo‘lgan mehrining ortishi uchun har ikkalasining ham ishtiroki, bir-biriga bo‘lgan hurmati katta ahamiyat kasb etadi», — degan tuman hokimi endigina turmush qurish ishtiyoqidagi yoshlar bilan suhbatda.

Foto: Dehqonobod tuman hokimligi
Hokimning ma’lumot berishicha, tumanda 2020 yilda oilaviy ajrimlar soni ortib, 66 taga yetgan.

Tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mehri Yo‘ldoshevaning aytishicha, mazkur markaz viloyat hokimining «Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

«Bugungi kunda oilaviy ajrimlarning soni ortib ketayotgani sabab endigina oila qurmoqchi bo‘lgan yoshlarga oila muqaddas ekanligini anglatib, kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizlikning, oilaviy ajrimlarning oldini olishni maqsad qilganmiz. Darslarimizga ko‘p yillar davomida birga istiqomat qilib kelgan otaxon va onaxonlarimizni taklif qilib, oila tinchligi va er-xotin o‘rtasidagi iliq munosabat sirlari haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, imom xatiblarni taklif qilib, er-xotinning bir-biriga bo‘lgan munosabati, ularning o‘zaro huquq-majburiyatlari haqida ham ma’lumotlar beriladi», — deydi Mehri Yo‘ldosheva.

Foto: Dehqonobod tuman hokimligi
Maktab tinglovchilari — bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar oila maktabi tashkil etilgani ayni muddao bo‘lganini ta’kidlamoqda.

«Biz oila qurishni niyat qilib, ahdlashgandik. Aynan tumanimizda bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarni oilaga tayyorlash maktabi tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Oila qurishimizdan oldin oila haqida tushunchaga ega bo‘layotganimiz, kelajakda biz uchun katta ahamiyat kasb etadi deb o‘ylaymiz», — deydi bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar Botir Isoqov va Nilufar Xolmirzayeva.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda bo‘lajak kelin-kuyovlarni oilaviy hayotga tayyorlash maktabi ochildi