14:16 / 26.03.2021
618

Bojxonachilar katta miqdordagi qalbaki dorilarni qadoqlab sotishga uringan shaxslarni qo‘lga olishdi

Bojxonachilar katta miqdordagi qalbaki dorilarni qadoqlab sotishga uringan shaxslarni qo‘lga olishdi
Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati
Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi hamda «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda mo‘may daromad ketidan quvib yurtdoshlarimiz sog‘ligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan shaxslarning qing‘ir qilmishlariga chek qo‘yishdi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida sifati kafolatlanmagan, shuningdek qalbakilashtirilgan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarning noqonuniy realizatsiyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh qilindi.

Jumladan, mazkur tumandagi xonadonlardan biri belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yer xonadon emas, aksincha o‘ziga xos yashirin savdo plaftormasi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Bu yerda tezkor aloqa liniyasi – «Sall Centre» tashkil qilingan bo‘lib, 150 nafarga yaqin aloqa operatorlari sifati kafotlanmagan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni mijozlarga o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.

Tezkor tadbir davomida xonadonda, ya’ni dorixonadan tashqari hududda kelgusida sotish uchun mo‘ljallab qo‘yilgan 96 622 dona dori vositalari va tibbiy buyumlar, 72 902 quti biologik faol qo‘shimchalar qonunga xilof ravishda saqlanayotganligi aniqlandi.

Mazkur dori va qo‘shimchalar jinsiy quvvatni oshiruvchi, ozdiruvchi, semirtiruvchi, gijjalarga qarshi, yurak faoliyatini yaxshilovchi va boshqa maqsadlar uchun ko‘zlangan.

Ayanchlisi shundaki, xonadondagi qadoqlovchi uskunalar, yarim tayyor mahsulotlar va bo‘sh qutilarni ko‘rib xulosa qilsa bo‘ladiki, mazkur dori va biologik faol qo‘shimchalar shu yerning o‘zida bo‘sh qutilarga qadoqlangan, qutilar uchun yorliqlar, qo‘llash uchun yo‘riqnomalar ham shu yerdagi rangli printerda chop qilingan.

Bundan tashqari kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan, tabletka, kukun va boshqa turli shakllardagi moddalardan qo‘lbola usulda qadoqlangan dori va biologik faol qo‘shimchalarning noqonuniy realizatsiyasida faol ishtirok etgan shaxslar ham turli darajada rag‘batlantirib kelingan.

Shu maqsadda xonadonda sovg‘a uchun mo‘ljallangan – 5521 dona tovarlar – parfyumeriya vositalari, oshxona anjomlari, telefon aksessuarlari va boshqalar saqlanayotganligi aniqlandi.

Bundan tashqari «Sall Centre» faoliyatida foydalanib kelingan 202 ta monitor, 196 ta protsessor, 10 ta noutbuk, 1 dona rangli printer, tovarlarga tegishli yuk xatlari, noqonuniy savdo qayd qilib borilgan hisob daftarlari ham ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Shunday qilib o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir natijasida dastlabki qiymati 9 mlrd. 179 mln. so‘mlik dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar va boshqa tovar-moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Bojxonachilar katta miqdordagi qalbaki dorilarni qadoqlab sotishga uringan shaxslarni qo‘lga olishdi