00:02 / 01.04.2021
2 229

O‘zbekiston Rossiyadan 1 mln doza «Sputnik V» vaksinasini sotib olishi kutilmoqda

O‘zbekiston Rossiyadan 1 mln doza «Sputnik V» vaksinasini sotib olishi kutilmoqda
O‘zbekistonda aholi salomatligini muhofaza qilish va koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlarini kamaytirish maqsadida COVID-19’ga qarshi emlash tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish ishlari yakunlanmoqda. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Rossiyadan 1 million doza «Sputnik V» vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolamoqda.

Shuningdek, COVAX doirasida 2021 yilning may–iyun oylarida 2 million doza AstraZeneca, aprel–iyun oylarida esa 3,5 million doza ZF-UZ-VAC 2001 vaksinalarini O‘zbekistonga keltirish rejalashtirilganini bildirgan.

Abduhakim Xojiboyening aytishicha, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri O‘zbekiston olimlari tomonidan COVID-19’ga qarshi birinchi vaksinaning S oqsil molekulasi yaratilib, yaqin kunlarda hayvonlarda klinik oldi tadqiqotlarini boshlash rejalashtirilganini ham ma’lum qilgan.

Ayni paytda O‘zbekistonda 1 million 660 ming doza vaksina bor. Ularning 660 ming dozasi COVAX jamg‘armasi tomonidan olib kelingan AstraZeneca vaksinasi, 1 million dozasi O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi. Aholini ushbu vaksinalar bilan emlash bir paytning o‘zida amalga oshiriladi. Bunda emlanuvchi birinchi emlanishni qaysi vaksina bilan boshlasa, ikkinchisini ham aynan o‘sha vaksina bilan yakunlaydi.

Mamlakatda aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 2021 yil 1 apreldan boshlanadi. Emlash tadbirlari aprel oyida viloyatlar markazlari va katta shaharlarda boshlanadi, may oyida esa tuman markazlari va kichik shaharlarda amalga oshiriladi. Iyun oyida esa boshqa aholi qatlami emlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston Rossiyadan 1 mln doza «Sputnik V» vaksinasini sotib olishi kutilmoqda