
Foto: Toshkent IIBB matbuot xizmati
Toshkentdagi turar joylar devorlarida giyohvandlik vositalari reklamasi yozuvlari paydo bo‘layotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi. Poytaxt IIBB matbuot xizmati ushbu reklama yozuvlarini tarqatish bilan shug‘ullangan ikki yigit qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida aniqlanishicha, Mirzo-Ulug‘bek tumani «Bo‘z» mahallasida bir nechta uylar devorlarida yozuvlar paydo bo‘lgan. Aholi orasida o‘tkazilgan so‘rov natijasida yozuvlar 5-6 kun oldin paydo bo‘lgani ma’lum bo‘lgan.
Tekshiruv natijasida mazkur yozuvlarni qoldirgan fuqarolar 18 yoshli B.I. va 21 yoshli I.V. ekanligi aniqlangan.
Suhbat davomida B.I.ning ma’lum qilishicha, 2021 yilning mart oyida obuna bo‘lgan Telegram-kanalda ish haqida e’lon chiqqan. U noma’lum shaxs bilan telefon orqali bog‘lanib, undan haq evaziga uylarning devorlarida qoldirish kerak bo‘lgan yozuv matnini olgan. Shundan so‘ng B.I. tanishi I.V. bilan linoleumdan e’lon matnini qirqib, bo‘yoq ballonchasi yordamida uylarning devorlarida yozuv qoldirgan.
Xabarda aytilishicha, ayni paytda holat bo‘yicha tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda giyohvand moddalar to‘g‘risida reklama vaqti-vaqti bilan Toshkentning turli tumanlarida paydo bo‘lmoqda. Asosan Chilonzor, Uchtepa va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida bunday holatlar kuzatilayotgani aytilmoqda.
Shu sababli Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bilan birgalikda @stopnarko_bot Telegram-botini ishga tushirdi. Endilikda narkotik moddalar reklamasi haqida ushbu Telegram-bot orqali xabar berish mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar