21:55 / 28.04.2021
2 014

Adliya vazirligi: yangi qonun loyihasi yerga bo‘lgan huquqni mustahkamlashga xizmat qiladi


27 aprel kuni Milliy matbuot markazida “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari ishtirok etib, ushbu qonun loyihasini qabul qilishdan maqsad va kutilayotgan natija bo‘yicha tushuntirish berishdi.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi yer uchastkalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qo‘yish masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun sifatida yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibining takomillashishi, nizoli vaziyatlarni oldini olinishi va ushbu sohada paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan nizolar samarali hal etilishiga xizmat qiladi.

Matbuot anjumanida vazirlik mas’ul xodimlari tomonidan bir qator savollarga javob berildi. Jumladan: 
ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishga ehtiyoj mavjud edimi?
ALBATTA. Avvalo yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish, shuningdek, olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ob’ektlarni buzib tashlash ko‘plab davlatlarda dolzarb muammo hisoblanadi va ushbu masalalarning lozim darajada huquqiy tartibga solinmasligi aksariyat hollarda aholi orasida noroziliklarga sabab bo‘ladi.

To‘g‘ri Hukumat qarori asosida tasdiqlanib, 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga oid bir qator masalalarni tartibga solib kelmoqda.

Biroq, yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlarini kuchaytirish borasida qonun darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar saqlanib turibdi. Zero, yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishining aniq tartib-taomillari va mexanizmi O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida ham aniq belgilanmagan.
 
Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishda chet el tajribasi tahlil qilindimi? 
Ha tahlil qilindi. Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish sohasidagi xorijiy tajribada, bu kabi o‘ta muhim ijtimoiy-huquqiy munosabatlar aynan qonun darajasida tartibga solingan.

Misol uchun shunday qonunlar Yaponiya (“Ekspropriatsiya to‘g‘risida”gi Qonun), Koreya Respublikasi (“Yer uchun kompensatsiya berish to‘g‘risida”gi Qonun), Shvetsiya (“Ekspropriatsiya to‘g‘risida”gi Qonun), Finlyandiya (“Ekspropriatsiya to‘g‘risida”gi Qonun), Estoniya (“Ko‘chmas mulkni ekspropriatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun) va bir qator boshqa davlatlarda qabul qilingan.
 Qonun loyihasida “jamoat ehtiyojlari” tushunchasiga aniqlik kiritilmoqda. Xo‘sh “jamoat ehtiyojlari” deganda nimani tushunish mumkin?
Ushbu qonun loyihasida faqat “jamoat ehtiyojlari” iborasi qo‘llanilmoqda va mamlakatimiz huquq tizimida o‘rnashib qolgan “davlat va jamoat ehtiyojlari” tushunchasidan voz kechilmoqda.

Jamoat ehtiyojlari tushunchasi nima ekanligi aniq va tugal belgilab qo‘yilmas ekan uni turlicha talqin qilish, xususiy ehtiyojlarni yoki tijorat ehtiyojlarni jamoat ehtiyoji sifatida talqin qilishga urinishlar bo‘lib turadi.

Shu bois qonun loyihasida yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan aniq holatlarning tugal ro‘yxati keltirilib, “boshqa holatlar” kabi mujmal qoidalardan butkul voz kechildi.

Eng muhimi “investitsiya loyihalarini amalga oshirish” yer uchastkasini olib qo‘yish uchun asos bo‘la olmasligi nazarda tutilmoqda va investor yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusi bilan chiqa olmasligi belgilanmoqda.
 
Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan yer uchastkasini olib qo‘yish jarayonlarida o‘zgartish bo‘ladimi? 
ALBATTA. Qonun loyihasi birgina yer uchastkalarini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilingungacha tashabbuskor kamida 6 ta bosqichdagi jarayonlardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi, shu jumladan mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazish kabi majburiy shartlarni bajarishi lozim bo‘ladi.

Faqatgina shundan so‘ng mahalliy kengashlar tomonidan yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusi jamoat ehtiyojlariga xizmat qiladi deb topilsa, mulkdorlar bilan muzokaraga kirishadi va ularning har birining roziligini olmaguncha hamda kompensatsiyalar to‘liq berilib, ko‘chmas mulklar bo‘shatib qo‘yilmaguncha hech kim uni buzish, ya’ni “snos” haqida gapira olmaydi.

Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida unga tegishli bo‘lgan mulkni erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatlarga, shu jumladan turar joyni kommunikatsiya vositalaridan uzib qo‘yish, ko‘chmas mulk ob’ektiga kirish va chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘yish, munosib hayot kechirishiga to‘sqinlik qiluvchi sharoit yaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umuman olganda qonun loyihasida belgilangan tartiblar asosida yer uchastkasini olib qo‘yishning shaffofligi ta’minlanadimi?
Qonun loyihasida yer uchastkasini kompensatsiya evaziga olib qo‘yish tashabbusining ochiq muhokamasini o‘tkazishga oid quyidagi misli ko‘rilmagan standartlar belgilangan. Bular:
- tashabbuskor tomonidan ochiq muhokama o‘tkazilishi jarayonining majburiy tartibda audio- va video qayd qilinishi ta’minlanishi;
- ochiq muhokama ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilishi;
 va ularning ishtiroki tashabbuskor tomonidan ta’minlanishi shartligi;
- ochiq muhokamani o‘tkazish joyi ko‘pchilik huquq egalarining yashash joyiga yaqin bo‘lishi kerakligi;
- ochiq muhokamada huquq egalarining uchdan ikki qismi qatnashganda ochiq muhokama o‘tkazilgan hisoblanishi;
- tashabbuskor huquq egalariga ochiq muhokamada onlayn qatnashish imkoniyatini yaratishi shartligi.

Qolaversa, mahalliy Kengashlarning yer uchastkasini olib qo‘yish haqidagi masalani ko‘rib chiqish bo‘yicha majlislari to‘liq shaffof tarzda OAV va mulkdorlarning bevosita ishtirokida o‘tkaziladi. Qabul qilingan qarorlarning barchasi ochiq e’lon qilinadi.
 Qonun loyihasida yer uchastkasini olib qo‘yilganlik uchun kompensatsiya berish tartiblari qanday belgilangan?
Qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda quyidagi masalalar aniq yechimini topadi:
- kompensatsiya berilishining aniq qoidalari o‘rnatiladi;
- kompensatsiya sifatida boshqa turar joy berilganda ijtimoiy normani hisoblash qoidalari belgilanadi;
- bitta mahalla yoki ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolariga qulay shart-sharoitlar yaratish va madaniy qadriyatlarini saqlab qolish maqsadida, huquq egalarining xohishiga ko‘ra bitta mahalla yoki ko‘chada joylashgan yangi uylar (bitta ko‘p qavatli uydagi kvartiralar) berilishi mumkinligi nazarda tutiladi;
- kompensatsiya o‘z vaqtida va to‘liq berilishining doimiy monitoringi Ko‘chmas mulk ob’ektlari Davlat reyestri yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutiladi.
 
Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra ko‘chmas mulkni buzib tashlash haqidagi qarorni kimlar qabul qilishi mumkin?
Qonun loyihasi bilan ko‘chmas mulkni buzib tashlash haqidagi qarorni qabul qilish tartibi o‘zgaryapti, unga ko‘ra bu kabi qaror hokimlar tomonidan emas Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

Kompensatsiya berilganidan so‘ng ko‘chmas mulk ob’ektini olti oy mobaynida bo‘shatib qo‘yishga imkoniyat beriladi.
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror loyihalari adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilib, ijobiy xulosa berilganidan keyin qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.
 
Shuningdek, matbuot anjumanida taklif etilayotgan Qonun loyihasi mazkur masalalarga oid bo‘lgan muammolarni bartaraf etish va vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni samarali hal qilishga yo‘naltirilganligi alohida ta’kidlandi.
 
Adliya vazirligi jamoatchilikni, jurnalist va blogerlarni, mutaxassislarni mazkur qonun loyihasining muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirib qoladi.

                                                                                                                               Adliya vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi: yangi qonun loyihasi yerga bo‘lgan huquqni mustahkamlashga xizmat qiladi