12:00 / 07.05.2021
2 906

Amir Olimxon madrasa bitiruvchisini imtihon qildi va...


Jahongirxo‘ja Akobirxo‘ja 1897 yili tug‘ilgan. Amir Olimxonning qizi Siddiqaga uylangan, jo‘yboriy saidzodalardan. 1925 yil qamoqqa olinganida 6 yoshli Ahmadxo‘ja ismli qori o‘g‘li bo‘lgan. 1925 yil 27 iyun kuni Xonaqoi Jo‘ybor 42-uydan qamoqqa olingan va bu vaqtda dehqonchilik, aravakashlik bilan shug‘ullangan.

U tergovchining qanday amir senga qizini bergan degan savoliga: "Men 1913 yil so‘ngida 16 yoshimda madrasani bitirdim. Ananaga ko‘ra amir shu yili eng yaxshi ko‘rsatkichlar bilan madrasani bitirgan talabalarning so‘nggi imtihoniga o‘zi qatnashdi. Biz 6 nafar edik.

Talabalar yoshi ancha katta va juda bashang kiyinib kelishgan edi. Men ularning orasida eng yoshi va ancha yupun kiyingan ekanman. Otam qari kishi, dehqonchilik bilan shug‘ullanib, oilamiz juda katta edi. Shunga oxiridan etiborni tortmaydigan joydan o‘rin oldim.

Chaqirilgan taniqli mudarrislar amirning oldida talabalar bilan savol-javob qila boshladi. Amir javob bergan talabalarga ularning javobiga qarab qimmatbaho to‘n, pul va lavozimlar berib kelaverdi.

Shu yili Amir Olimxon avvalgi yillarda qandaydir g‘irromliklar haqida eshitgani uchun yana bir necha mudarrisni boshqa xonaga joylab, ularni tanimasdan faqat javoblarini eshitib baholash yoki savollar tug‘ilsa, yozma javob berishini joriy qilgan ekan.

Mendan ikkita avval turgan talaba ham qori ekan. Shuni bildirish uchun savollardan oldin tilovat boshladi. Kuzatdimki, amir tilovatni yoqtirar ekan. Unga ham juda yaxshi sovg‘a berdi, qoriligiga qarab qozilikda ish taklif etdi. Oxirida mening navbatim keldi. Amir e’tiborsiz qarab qo‘ydi. Men tilovatni boshladim, u kishi boshini quyi solim davom et degandek tuyuldi. Bir necha usulda davom ettirdim. So‘ng savol javob boshlandi. Bu ham ancha cho‘zildi. Lekin amir ketishni istamas hammasini diqqat bilan eshitardi.

Menga tashqaridan savol kelmadi. Shundan so‘ng rosa katta sovg‘alar bilan mening oldimga keldi. Men ham hayron edim. Shu vaqt tashqaridagi mudarrislarning baholarini keltirishdi. Amir Olimxon menga hayrat bilan qarab, "Kimsiz?" dedi. Jo‘yboriy sayidzodalardanligimni aytdim. Qo‘lidagi sovg‘alarini tashlab yubordi. Menga "Siz uchun mening xazinam ham etmas ekan, lekin xazinamdan ham qimmat ko‘rganim bir javohirim bor. Siz mening qizimga uylanasizmi?" dedi. Shu tariqa amirning kuyovi bo‘lib qoldim".

Baxrom Irzayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amir Olimxon madrasa bitiruvchisini imtihon qildi va...