20:33 / 09.05.2021
2 843

Toshkent metrosi Zangiotadagi COVID-markazgacha yetkazilishi kutilmoqda


Toshkent metrosi yana uzaytirilib, Zangiotadagi COVID-markazgacha yetkaziladi. Bu haqda ayni paytda metro qurilishining 2-bosqichini olib borayotgan «67-Ko‘prikqurilish» korxonasi rahbari Jahongir Nabiyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda UzNews.

Jahongir Nabiyevning ta’kidlashicha, Toshkent halqa yerusti metro yo‘lining 2-bosqichi Qo‘yliq bozoridan Toshkent shahrining Mirobod hamda Sergeli tumanidan o‘tgan Katta halqa yo‘li, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Xonobod ko‘chasi hamda Sergeli tumanining Qipchoq ko‘chasidan o‘tib, Sergeli liniyasining 5-bekatiga ulanadi hamda Yangihayot tumaniga yetkaziladi. 15 kilometrlik umumiy uzunlikka ega ushbu uchastkada 9 ta bekat qurish rejalashtirilgan.

«E’tiborlisi, metroning 2-bosqichi 9-bekati Yangihayot tumanidagi Ko‘p tarmoqli kasalxona, Toshkent metallurgiya zavodi hamda yaqin orada quriladigan va kelgusida 60 ming aholi istiqomat qilishi ko‘zda tutilgan mega loyiha — Minerva City hududiga yaqin joyda quriladi.
Hozirda yangi loyiha ham tasdiqlanishi kutilyapti. Unga ko‘ra, ayni paytda qurilayotgan 2-yo‘nalish Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan COVID-markazgacha yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda
», — degan u.

Jahongir Nabiyevning aytishicha, ayni vaqtda qurilish ishlari olib borilayotgan uchastka yo‘llarida muhandislik kommunikatsiyalarini boshqa hududlarga ko‘chirish va ularni tarmoqlarga ulash, yo‘l-transport infratuzilmalari va avtomobil yo‘llarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, Qo‘yliq—Qipchoq—Yangihayot uchastkasi doirasida qurilish maydonida mavjud suv, oqova, gaz tarmoqlari, turar va noturar binolar qurilish maydonidan boshqa hududga ko‘chirilmoqda.

«Qo‘yliq—Qipchoq—Yangihayot uchastkasi foydalanishga topshirilgach, bir kun davomida 46 ming yo‘lovchi tashilishi rejalashtirilgan. 700 ga yaqin yangi ish o‘rni ham yaratiladi. Ayni paytda rejaga ko‘ra barcha qurilish ishlari belgilangan tarmoq jadvali asosida amalga oshirilmoqda», — degan «67-Ko‘prikqurilish» korxonasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 26 dekabr kuni Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasiga tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoyev metroni rivojlantirish loyihasini oxirigacha yetkazish topshirig‘ini bergandi.

Prezidentga metropolitenning keyingi bosqich qurilishi to‘g‘risida ma’lumot bergan transport vaziri vazifasini bajaruvchi Ilhom Mahkamov Chilonzor liniyasini «Buyuk Ipak yo‘li» stansiyasidan TTZ massiviga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi rejalarga ham to‘xtalib o‘tgandi. Uzunligi 7,9 kilometrga teng liniya o‘z ichiga to‘rtta stansiyani oladi, loyiha 2021—2023 yillarga mo‘ljallangan. U yo‘lovchilar oqimining kuniga yana 50 ming kishiga ortishiga olib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent metrosi Zangiotadagi COVID-markazgacha yetkazilishi kutilmoqda