21:45 / 15.05.2021
4 055

«Soqol qo‘yish-qo‘ymaslik masalasiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q» — IIV


Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahri ichki ishlar bo‘limi tezkor shtab rahbariga tegishli ekani aytilayotgan ovozli topshiriq audiosi tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bu borada izoh berdi.

Audioda gapirgan odam o‘z qo‘l ostidagi xodimlariga har bir bo‘lim 20 tadan soqolli fuqaroni keltirib, rasmga olishi, shuningdek soqolini olgandan so‘ng ham rasmga olib, yoniga shaxsiy ma’lumotlarini kiritgan holda topshirishi kerakligi aytiladi.

Shuningdek, bu topshiriq Ichki ishlar vazirligidan kelgan «mehmonlar» nazoratida ekani qo‘shimcha qilingan.
«Hurmatli xodimlar, «Soqol» tadbiri bo‘yicha ham… tezlashtirib qilib beraylik. «Gorotdel»dan so‘rayapti, Ichki ishlar vazirligidan kelgan mehmonlar buni nazoratga olgan.
Har bitta «GOM»ga 20 tadan soqolli [fuqaroni] aniqlab, soqoli bilan rasmga olib, keyin soqoli oldirilgani holatini ham rasmga olib, oldiga ma’lumotini yozasizlar: qayerda yashaydi, nechanchi yilda tug‘ilgan, kim u?
Xuddi shunday qilib tezlashtirib qilib berishimiz kerak. Har bitta «GOM»ga 20 tadan [reja] berilgan, bizda hali bittayam bo‘lgani yo‘q. Kechqurun so‘rov bo‘ladi, e’tiroz bo‘lyapti, bo‘la qolinglar!
» – deydi buyruq berayotgan shaxs.

Holatga izoh bergan Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov tizimda bunday amaliyotlar o‘tkazilishini rad etdi.
«Ichki ishlar organlarida bunday nomlanadigan tadbir umuman yo‘q. Soqol qo‘yish yoki qo‘ymaslik har fuqaroning o‘ziga, e’tiqodiga bog‘liq. Bunga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q.
[Buyruq bergan] ovoz masalasini biz kimga tegishli ekanligini o‘rganib ko‘ramiz, shunga qarab ish tutamiz
», – dedi vazirlik rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil avgust oyida Toshkent shahridagi «Malika» bozoridan o‘nlab fuqarolar IIB binosiga olib ketilib, majburan soqollari olingan edi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, keng jamoatchilik va butun dunyo OAVlari tomonidan jiddiy tanqid qilingan.

2020 yil 30 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i, islomshunos Baxtiyor Bobojonov bu juda yomon va sharmandali ish bo‘lganini va bu ishni qilganlar o‘shandayoq jazolanganini ta’kidlagan edi.

Shuningdek, o‘sha tadbirda IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari ham «Malika» bozorida yigitlarning soqolini majburiy olganlar jazolanganini aytgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat