08:30 / 18.05.2021
3 072

Surxondaryo viloyati hokimligi Rasul Kusherbayev so‘zlariga munosabat bildirdi


Deputat Rasul Kusherbayev «So‘z blogerlarga» ko‘rsatuvida bloger Otabek Sattoriy va uning sud jarayoni haqida so‘z yuritarkan, «Surxondaryo viloyati hokimiga shu masalada alangali salom, deb qo‘ymoqchi edim. Otabek Sattoriyning qanday jigarlari, farzandlari bo‘lsa, u kishining ham xuddi shunday yaqinlari bor. Bu dunyo qaytar dunyo ekanligini unutmaslik kerak. Buni nima uchun aytayotganimni u kishi juda yaxshi bilib turibdilar, menimcha. Qolganlarga ham insof bersin», — deya ta’kidlaydi.

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati Rasul Kusherbayevning viloyat hokimiga nisbatan bildirgan fikrlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, deputat OAVdagi o‘z chiqishida Surxondaryo viloyati hokimiga nisbatan «U kishining ham xuddi shunday yaqinlari bor, qaytar dunyo bu» deya mavhum ayblov qo‘yib, tomoshabinlarda go‘yoki, bloger Otabek Sattoriyning sud ishiga viloyat hokimi aloqadordek fikr uyg‘otgan.

«Deputat tomonidan Surxondaryo viloyati hokimiga nisbatan qo‘yilayotgan bu asossiz ayblov deputatlik odobi qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi axborot xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, viloyat hokimligi tomonidan bloger Otabek Sattoriyga qarshi hech qanday harakat amalga oshirilmagan, viloyat hokimligining ushbu ishga aloqasi yo‘qligi bois sud jarayonida hokimlik hatto guvoh sifatida ham chaqirilmagan.

Qolaversa, sudlov faqat sud organlari tomonidan amalga oshiriladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘zlariga qonun bilan belgilab berilgan vakolatlardan foydalangan holda ish yuritadi, sud organlarining ishlariga aralashish hokimlik vakolatiga kirmaydi.

Hokimlik xabarida deputatlik odobi qoidalariga ko‘ra, deputat ommaviy axborot vositalarida chiqishda davlat organlari va boshqa organlarning faoliyatiga munosabat bildirganda, haqoratomuz ibora va so‘zlarni qo‘llashga, asossiz ayblovlarga yo‘l qo‘yishga haqli emasligi belgilab qo‘yilgani eslatib o‘tilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryo viloyati hokimligi Rasul Kusherbayev so‘zlariga munosabat bildirdi